«Bizdan kelajak avlodlarga yashil bogʻlar qolishi kerak»: Nukus davlat pedagogika instituti yoshlari Orolda saksovul ekish ishlarida ishtirok etdi
Soʻnggi yillarda Orolboʻyi hududida ekologik holatni tubdan yaxshilash, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni jadallashtirish va xalqning turmush tarzini, daromatlarini oshirishga yoʻnaltirilgan keng qamrovli islohotlar amalga oshirildi.
Orol dengizining qurigan qismida ekotizimni yaxshilash, tadqiqotlar hamda innovatsiyalarning ilgʻor tajribalarini joriy etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazi, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Orolboʻyi hududi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik trast jamgʻarmasi tashkil etildi hamda Orolboʻyi hududini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish toʻgʻrisida BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasi qabul qilindi.
Mamlakatimizda ekologik holatni yaxshilash, Orol dengizining suvi qurigan tubi va Orolboʻyi hududidan koʻtarilayotgan qum, tuz va chang zarrachalarining salbiy ta’sirlarini kamaytirish, ushbu hududlarda choʻl oʻsimliklaridan «yashil qoplamalar» yaratish ishlarini izchil davom ettirish maqsadida bu yil 100 ming gektar hududda saksovul, yingʻil, qandim va qoraburoq kabi oʻsimliklarni ekish ishlari olib borilmoqda.
Mana shunday ezgu tashabbusga munosib hissa koʻshish, shu bilan birga, Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev rahbarligida Moʻynoq tumanida amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi islohotlarning natijalari bilan tanishtirish maqsadida Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti tomonidan bir qator tadbirlar tashkil etildi.
Safarning dastlabki kuni institut professor-oʻqituvchilari hamda talaba-yoshlari yaqinda 900 yilligi belgilangan buyuk alloma Hakim ota – Sulaymon Boqirgʻoniy maqbarasini ziyorat qilib, bu yerda amalga oshirilgan bunyodkorlik va obodonlashtirish, shuningdek, arxeologik qazish ishlari bilan tanishdi. Turkiy xalqlar orasida Xoʻja Ahmad Yassaviydan keyingi donishmand sifatida tan olingan Hakim otaning hayoti, ezgu amallari, avlodlarga qoldirgan meroslari haqida baholi ma’lumotlarga ega boʻldi. Shuningdek, tumandagi Orol dengizi tarixi muzeyi, Kemalar qabristoni majmuasida boʻlib, bu yerdagi eksponatlar, dengizning suvga toʻla paytlariga guvoh boʻlgan kemalar tarixiga oid materiallar bilan tanishdi. Tuman markazidagi madaniyat saroyida institutning iste’dodli talabalari bilan tuman madaniyat boʻlimi xodimlari ijrosidagi konsert dasturi tadbir ishtirokchilari hamda hudud aholisiga koʻtaringki kayfiyat in’om etdi.
Yoshlar safarning ikkinchi kuni erta tongdan Orolning qurigan tubidagi «nolinchi nuqta» deb nomlangan joyiga yoʻl oldi. Yoʻl boʻyi ular dengiz tubida «yashil qoplamalar» – himoya oʻrmonzorlarini yaratishdek tarixiy ishlarning samarasiga guvoh boʻldi. Koʻzlangan manzilga yetib kelgan yoshlar yaxshi niyatlar bilan saksovul, yingʻil koʻchatlarini hamda urugʻlarini belgilangan joylarga ekib, ezgu ishga oʻz hissalarini qoʻshdi.
– Bugun mamlakatimizda ekologik barqarorlikni ta’minlash, Orol dengizining suvi qurishi oqibatida yuzaga kelayotgan ekologik ofatning salbiy ta’sirlarini kamaytirish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlarga bizlar ham ozmi-koʻpmi hissa qoʻshdik. Maqsadimiz – kelajak avlodlarga qum, tuz va changlarni emas, yashil bogʻlarni qoldirish, – deydi institutning talabalar kengashi yetakchisi Saltanat Ospanova.
Oliy Majlis Senatining Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari qoʻmitasi raisining oʻrinbosari, senator B.Matmuratov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish hududiy boshqarmasi boshligʻi N.Kayupov, oliy ta’lim muassasalari rektorlari B.Otemuratov hamda A.Reymovlar yoshlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berib, ularga minnatdorlik bildirdi.
Oʻz navbatida, institut talabalari yurtimiz yoshlarining Orol tubini yashillantirishga hissa qoʻshish ishlarini muntazam oʻtkazish takliflarini bildirdi.
Islam Matekov,
Nukus DPI matbuot kotibi.