Ommaviy axborot vositalari vakillari Kerder madaniyatiga tegishli boʻlgan tarixiy yodgorlikda amalga oshirilayotgan xalqaro arxeologik ekspeditsiya jarayoni bilan tanishdi
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Nukus tumani hududidagi Kerder madaniyatiga tegishli boʻlgan «Hayvonqal’a» yodgorlik majmuasida shu yilning 23-may sanasidan boshlab arxeologik qazishma ishlari amalga oshirilmoqda.
Xalqaro miqyosda oʻtkazilayotgan arxeologik qazishma ishlari bilan tanishish maqsadida respublikamizda faoliyat olib borayotgan birqator ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalistlar hamda blogerlar uchun institut matbuot xizmati tomonidan press-tur tashkil etildi.
Rossiya Federatsiyasining Qozon federal universiteti hamda Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti oʻrtasida imzolangan hamkorlik shartnomasi asosida tashkil etilgan mazkur xalqaro arxeologik ekspeditsiyada Rossiya Federatsiyasi Tatariston Respublikasi Fanlar Akademiyasi A.X.Xalikov nomidagi Arxeologiya instituti direktori, tarix fanlari doktori, professor Ayrat Sitdikov rahbarligidagi olimlar, shu bilan birga, Rossiya, Qozogʻistonning oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlaridan 20 dan ortiq mutaxassislar, shuningdek, institutning Tarix fakulteti professor-oʻqituvchilari hamda talaba-yoshlari ishtirok etmoqda.
– Dunyoning koʻpgina davlatlarida arxeologik qazishma ishlarida ishtirok etganman. Bilasiz, arxeologlarning ishi juda qiyin. Ular doim uyidan uzoqda ishlaydi. Bunday holatda, albatta, birinchi navbatda, qazishma ishlari uchun yaratilgan sharoitning yuqori boʻlishi katta ahamiyatga ega. Bu yerda dam olish, laboratoriya tekshiruvi, talabalar bilan dars oʻtish, ovqatlanish uchun yaratilgan sharoitlarga yuqori baho bergim keladi. Mana shunday imkoniyatlar tufayli talabalar ham, ishtirokchi olimlar ham oʻz oldiga qoʻygan maqsadiga erishish uchun ayanmasdan mehnat qilmoqda, – deydi ekspeditsiya ishtirokchisi, Al-Farobiy nomidagi Qozoq Milliy universiteti professori Murat Shalekenov.
«Hayvonqal’a» arxeologik yodgorligida amalga oshiriladigan xalqaro ekspeditsiyadan koʻzlangan asosiy maqsad arxeologik qazishma ishlari natijasida topilgan buyumlar hamda madaniy qatlamlar boʻyicha xalqaro ilmiy fikrni shakllantirish, shuningdek, ilmiy xulosalar chiqarish uchun belgilangan ishlarni bajarishdan iborat.
Buning uchun institut tomonidan 1 milliard 400 million soʻmga maxsus chodirlar hamda 4 milliard soʻmga qazishma ishlarida foydalaniladigan arxeologik asbob-uskunalar sotib olindi.
– Tarix ta’lim yoʻnalishi 1 bosqich talabasiman. Men koʻpdan buyon mana shunday arxeologik qazishma ishlarida ishtirok etishni, tarixiy yodgorliklar, materiallarni oʻz qoʻllarim bilan topishni orzu qilardim. Mana, bugun institutda ustozlarimizdan olgan nazariy bilimlarimizni amaliyotda sinab koʻryapmiz. Bu yerda xorijlik olimlarning ishtirok etayotgani ham men kabi yoshlar uchun katta tajriba vazifasini oʻtamoqda, – deydi arxeologik qazishma ishlarida ilk marta ishtirok etayotgan talaba Yedige Allaniyazov.
«Hayvonqal’a» (yoki Kerder qal’asi) yurtimizning oʻrta asrlardagi boy tarixidan darak beruvchi yodgorliklardan biridir. Yodgorlikning ayni paytda saqlangan hududi 19 gektarni tashkil etadi.
Bu yerda dastlab 1947-yil S.P.Tolstov rahbarligidagi Xorazm arxeologik ekspeditsiyasi tomonidan tadqiqot olib borilgan boʻlsa, soʻngra Qoraqalpogʻiston Tarix, til va adabiyot instituti arxeologik tadqiqot otryadi, 1961-1967-yillarda arxeologlar A.V.Gudkova hamda V.N.Yagodin, shuningdek, 1995-2000-yillarda Nukus davlat pedagogika instituti arxeolog olimlari tomonidan arxeologik tadqiqotlar oʻtkazilgan.
Bugungi kunda yodgorlikning yuqori madaniy qatlamida qazishma ishlari olib borilmoqda. Buning natijasida «Hayvonqal’a»dan quyidagi topilmalar aniqlandi:
1) Turar joylar qurilishlari;
2) Savdo-iqtisodiy aloqalardan darak beruvchi koʻpgina mis tangalar;
3) Geometrik naqshlar tushirilgan tekislangan va tekislanmagan kulolchilik buyumlari, ularning fragmentlari;
4) Shisha idishlarning qismlari;
5) Kesib ishlangan geometrik naqshlar tushirilgan keramik buyum.
«Hayvonqal’a» yodgorligining yuqori madaniy qatlamidan topilgan topilmalar IХ-ХI asrlar bilan bogʻliq.
Toʻplangan materiallar asosida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, ularning natijalarini keng jamoatchilikga, jumladan, xalqaro miqyosda e’lon qilish, institutning Tarix fakulteti talabalarining nazariy bilimlarini amaliyot davomida mustahkamlash, xorijiy oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy markazlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish xalqaro ilmiy-arxeologik ekspeditsiyadan kutilayotgan amaliy natijalar hisoblanadi.
Ma’lumot oʻrnida ta’kidlash joiz, «Hayvonqal’a» yodgorlik majmuasida xalqaro arxeologik ekspeditsiya doirasida qazishma ishlari shu yilning 10-iyun kunigacha davom etadi.
Shu bilan birga, xalqaro ekspeditsiya tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijalari boʻyicha shu yilning kuz mavsumida xalqaro ilmiy anjuman tashkil etilishi koʻzda tutilgan.
Press-tur ishtirokchilari tadbir davomida arxeologik qazishma ishlari bilan tanishib, olimlar hamda talaba-yoshlar bilan suhbatlashdi.
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti matbuot xizmati.