Kasbiy (ijodiy) imtihonlar oʻtkaziladigan joylar hamda yaratilgan sharoitlar koʻzdan kechirildi

Bugun, 23-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligidan tashrif buyurgan vakillar tomonidan Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida 2023-2024 oʻquv yili uchun bakalavriatning alohida iqtidor talab qilinadigan ta’lim yoʻnalishlarida oʻtkazilishi rejalashtirilgan kasbiy (ijodiy) imtihonlarga tayyorgarlik jarayonlari koʻzdan kechirildi.

Vazirlik huzuridagi Talaba va oʻquvchilarning ma’naviy yuksalishiga koʻmaklashish markazi direktori Ravshanbek Xudayberganov hamda ushbu markaz boʻlim boshligʻi Shaxzod Raxmonov rahbarligidagi vakillarga institut prorektori Quvondiq Qodirov va qabul komissiyasi mas’ul kotibi Polatbek Kalxanov bakalavriatning jismoniy madaniyat, musiqa ta’limi, tasviriy san’at va muhandislik grafikasi, shuningdek, maktabgacha va boshlangʻich ta’limda jismoniy tarbiya va sport ta’lim yoʻnalishlarida oʻtkaziladigan kasbiy (ijodiy) imtihonlar oʻtkaziladigan joylarni koʻrsatib, bu yerda imtihonlarning adolatli hamda oshkora oʻtishi uchun yaratilgan sharoitlar, shu jumladan, imtihon jarayonini onlayn rejimda kuzatib borish, kutish oʻrinlari koʻzdan kechirildi.

Eslatib oʻtamiz, institutda yuqorida ta’kidlab oʻtilgan bakalavriat ta’lim yoʻnalishlariga kasbiy (ijodiy) imtihonlar shu yilning 24-iyul hamda 1-avgust kunlari oraligʻida oʻtkazilishi belgilangan.

Nukus DPI matbuot xizmati.