AJINIYOZ NOMIDAGI NUKUS DAVLAT PEDAGOGIKA INSTITUTI

Vazir Nukus davlat pedagogika instituti yangi oʻquv binosining qurilish ishlari bilan tanishdi

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonov Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashrifi davomida Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining qurilish ishlari olib borilayotgan yangi oʻquv binosini koʻzdan kechirdi.

2 ming oʻrinlik yangi oʻquv binosining qurilishi uchun davlat budjetidan 75 milliard soʻm mablagʻ ajratilgan boʻlib, bugungi kunda soʻnggi pardoz ishlari davom etmoqda.

Institut rektori Bayrambay Otemuratov qurilishning borishi, oʻquv va laboratoriya xonalari, axborot-resurs hamda axborot texnologiyalari markazlari, yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish uchun ajratiladigan auditoriyalarning jihozlanishi toʻgʻrisida ma’lumotlar berdi.

Vazir oʻquv binosida qoraqalpoq klassik adabiyotining buyuk namoyondalari Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻli va Berdaq Gʻargʻabay oʻgʻli, shuningdek, boshqa ijodkorlar, mashhur olimlarning portretlarini hammaga koʻrinadigan joylarga ilib qoʻyish, talabalar uchun qoʻshimcha sharoitlar yaratish boʻyicha oʻz takliflarini bildirdi.

Shu bilan birga, qurilishni olib borayotgan korxona rahbarlari bilan suhbatlashib, ishlarni oʻz vaqtida, sifatli qilib bitirish boʻyicha tegishli topshiriqlar berdi.

Nukus DPI matbuot xizmati.