AJINIYOZ NOMIDAGI NUKUS DAVLAT PEDAGOGIKA INSTITUTI

Nukus DPIda «Besh tashabbus olimpiadasi» doirasida sport musobaqalari boshlandi

Bugun, 11-sentabr kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida «Besh tashabbus olimpiadasi» doirasida sportning voleybol, mini futbol hamda stol tennisi turlari boʻyicha fakultetlar kesimida musobaqalarga start berildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan tasdiqlangan 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish, institut talabalarini sport tadbirlariga keng miqyosda jalb qilish, ular oʻrtasida musobaqalar tashkil etish, talabalarning jismoniy faolligi darajasini oshirish, institutdagi sport seksiyalari hamda toʻgaraklari faoliyatini rivojlantirishga koʻmaklashish, talabalarning boʻsh vaqtlarida sport bilan shugʻullanishi uchun sharoit yaratish maqsadida oʻtkazilayotgan musobaqalarda yoshlar faol ishtirok etmoqda.

Musobaqalarni tashkillashtirish va oʻtkazish uchun institutda qizgʻin tayyorgarliklar olib borildi. Jismoniy madaniyat fakultetining tajribali professor-oʻqituvchilaridan iborat tashkiliy qoʻmita hamda hakamlar hay’ati a’zolari musobaqalarni yuqori darajada tashkillashtirish ishlarini olib bordi.

«Besh tashabbus olimpiadasi» doirasida musobaqalar har bir fakultet kesimida, akademik guruhlar oʻrtasida 20-sentabrgacha tasdiqlangan jadval asosida oʻtkazilishi belgilandi.

Musobaqalar talaba-qizlar oʻrtasida voleybol, erkaklar oʻrtasida mini futbol, shuningdek, erkaklar va qizlar oʻrtasida stol tennisi sport turlaridan oʻtkazilmoqda.

«Besh tashabbus olimpiadasi» doirasidagi musobaqalar davom etmoqda.

Nukus DPI matbuot xizmati.