PЕDAGOG MAQOMI – MAMLAKATIMIZ SIYOSATINING ASOSIY YO‘NALISHIGA AYLANDI

«Har bir inson hayotda qanday yutuqqa erishgan bo‘lsa, ularda qadrdon o‘qituvchi va ustozlarining beqiyos hissasi borligini umrbod minnatdorlik bilan eslaydi. Shaxsan men o‘qituvchi deganda – zamon bilan hamqadam bo‘lgan jonkuyar, ziyoli shaxsni, maktab deganda – bilim va ma’rifat yog‘dusi taralib turadigan, Uchinchi Renessans poydevori qo‘yiladigan tabarruk maskanni ko‘z oldimga keltiraman».

(O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev)

Mamlakatimizda Uchinchi Renessansning poydevorini yaratadigan, Yangi O‘zbekiston va Yangi Qoraqalpog‘istonni dunyoning eng ilg‘or taraqqiy etgan davlatlari qatoridan joy olib, inson manfaatlari ulug‘langan xalqchil davlat bo‘lishi uchun xizmat qiladigan kelajak egalarining ta’lim-tarbiyasi bugungi ustoz-pedagoglarning samarali faoliyatiga bog‘liq.

So‘nggi yillarda ta’lim sohasiga qaratilayotgan davlat darajasidagi e’tibor, bu borada amalga oshirilayotgan islohotlarning tub zamiri har tomonlama ma’naviy yetuk avlodni tarbiyalashga xizmat qiladi.

«O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi» asosida sohada ko‘p yillardan buyon to‘planib qolgan muammolar o‘z yechimini topib, ilm-fan hamda ta’lim o‘zining yangi rivojlanish bosqichiga ko‘tarilmoqda.

Ayniqsa, Prezidentimiz tomonidan 2024-yil 1-fevral kuni qabul qilingan «Pedagogning maqomi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni mamlakatimizda ma’rifatparvar-ziyolilar hamda keng jamoatchilik tomonidan ko‘pdan buyon ulkan umidlar bilan kutilayotgan tarixiy hujjat bo‘ldi.

Qonun asosida mamlakatimizda ta’lim muassasalarida faoliyat olib boradigan pedagoglarning huquqlari, majburiyatlari va ular faoliyatining asosiy kafolatlari belgilandi.

Jami 21 moddadan iborat bo‘lgan Qonunning 3-moddasi «Pedagogning maqomi» deb nomlanib, unda O‘zbekiston Respublikasida pedagogning maqomi tan olinishi, ularning o‘z kasbiy faoliyatini yuritishi uchun tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratilishi, ijtimoiy himoyasi ta’minlanishi va huquqlari amalga oshirilishi uchun kafolatlar berilishi belgilandi. Pedagogning huquqlari, sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘si davlat himoyasi ostida bo‘lishi mustahkamlab qo‘yildi.

Ushbu Qonunda «Pedagog kim?» degan savolga aniqlik kiritilib, «Ta’lim tashkilotida qonunchilik hujjatlariga muvofiq tuzilgan mehnat shartnomasi asosida ta’lim va tarbiya sohasida kasbiy faoliyatni amalga oshiruvchi hamda tegishli ma’lumotga, kasbiy tayyorgarlikka va ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega bo‘lgan jismoniy shaxs pedagogdir», – deb ko‘rsatib o‘tilgan.

Dunyoning rivojlangan davlatlari tajribasiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ularda ham pedagoglarning faoliyati va huquqlari qonuniy tarzda himoya qilinishini ko‘rish mumkin.

Shu jumladan, AQSH, Kanada, Germaniya, Italiya, Portugaliya, Daniya kabi mamlakatlarda o‘qituvchilar davlat xodimlari hisoblanadi.

Oldimizga qo‘ygan oliy maqsadlardan kelib chiqib qabul qilingan mazkur qonun nafaqat pedagoglar, shu bilan birga, xalqimiz hayoti uchun ham katta ahamiyatga ega.

Shu o‘rinda yaqin tariximizdagi achchiq bir haqiqat: bundan 7 yilcha oldin juda kam miqdordagi ish haqi bilan diqqat-e’tibordan chetda qolib ketgan yuqori salohiyatli ustozlar turmush tashvishlari, oila boqish muammolari bilan boshqa sohalarga o‘tib ketib, hatto chet ellarga migrant sifatida ketganlari ham kam emasdi. Eng yomoni, maktab bitiruvchilari orasida o‘qituvchilikka bo‘lgan qiziqish ham keskin pasayib ketdi. Yoshlar katta daromadli sohalar bilan shug‘illanib, ta’limga bo‘lgan e’tibor ayanchli holga kelib qoldi.

Aytishimiz lozim, kuz kelsa paxta terimiga, bahor kelsa obodonlashtirish ishlariga, xalq orasida ko‘chama-ko‘cha yurib monitoring, hisob-kitob ishlariga jalb qilinadigan – umuman aytganda, majburiy mehnatdan eng ko‘p jabr chekayotgan sohaga aylangan edi. Buning oqibatida mamlakatimizda ta’lim sifati keskin tushib ketdi, ta’limda tajribali pedagog kadrlarga ehtiyoj yuzaga keldi.

Davlatimiz rahbarining siyosiy irodasi bilan bunday salbiy holatlarga chek qo‘yildi. Ta’lim sohasi kadrlari faqat o‘zining belgilangan vazifalari bilan shug‘illanadigan, kelajak avlodlar ta’lim-tarbiyasi uchun xizmat qiladigan muhim bo‘g‘inga aylantirildi.

Bu esa, kuni-kecha o‘z tasdig‘ini topgan «Pedagogning maqomi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida quyidagicha quyidagicha muhirlab qo‘yildi:

– pedagogning kasbiy faoliyatiga aralashish, uning faoliyatini asossiz ravishda tekshirish, pedagog tomonidan ta’lim oluvchilarning bilimlarini to‘g‘ri va xolis baholashga ta’sir ko‘rsatish, shuningdek unga o‘z xizmat majburiyatlarini bajarishga to‘sqinlik qilish;

– pedagogni kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga, shu jumladan hududlarni obodonlashtirishga va qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb qilish;

– pedagogdan uning kasbiy majburiyatlariga taalluqli bo‘lmagan hisobotlarni va boshqa ma’lumotlarni, shu jumladan aholining soliqlar, kommunal to‘lovlar, kreditlar va boshqa qarzdorligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, bitiruvchilarning bandligi ta’minlanganligi haqidagi hisobotlarni shakllantirishini va taqdim etishini talab qilish;

– pedagogni ishga joylashtirilmagan, ta’lim bilan qamrab olinmagan va profilaktika hisobida turgan voyaga yetmaganlar hisobini yuritish hamda ularning ijtimoiy moslashuviga ko‘maklashish ishlariga jalb etish;

– pedagogning zimmasiga tovar va xizmatlarni sotib olish majburiyatini yuklash, shu jumladan ish haqidan uning yozma roziligisiz tovar va xizmatlar uchun mablag‘ ushlab qolish qat’iyan taqiqlandi.

Pedagogni biron-bir shaklda mehnatga ma’muriy tarzda majburlash, shuningdek, pedagogning kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish yoki uning o‘z xizmat majburiyatlarini bajarishiga to‘sqinlik qilish qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘lishi belgilab qo‘yildi.

Shu bilan birga, Qonundan pedagoglarning huquqlari, majburiyatlari, etika qoidalari, ularning mehnatiga haq to‘lash, rag‘batlantirish, ijtimoiy himoya qilish, pedagoglarni tayyorlash va qayta tayyorlash kabi masalalar ham o‘rin oldi.

Bugun dunyoda tez sur’atlar bilan rivojlanib borayotgan globalizatsiya jarayonida pedagoglarning maqomini tiklash, qadr-qimmati va sha’nini ulug‘lash – mamlakatimiz kelajagiga bo‘lgan oliy darajadagi e’tibor namunasi sifatida qadrlaymiz. Chunki, biz Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi doirasida dunyoning eng rivojlangan davlatlari qatoriga kirish uchun yuksak darajadagi tarixiy ishlarni amalga oshirishimiz zarur. Biz bu maqsadimizga erishish uchun avvalo, Vatanparvar, ilm-ma’rifatli, har tomonlama bilimli, kreativ fikrlaydigan, dunyo yoshlari bilan raqobatlasha oladigan barkamol avlodni tarbiyalashimiz lozim.

Bunday oliy maqsadga yetishimiz uchun hamda Prezidentimiz, qolaversa, bugun xalqimiz kutayotgan bunday yoshlarni tarbiyalash uchun esa, albatta, ularga sifatli ta’lim beradigan pedagog kadrlarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashimiz, ularga zarur shart-sharoitlar yaratishimiz shart. Muhtaram Prezidentimiz tomonidan imzolangan «Pedagogning maqomi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni esa, ushbu masalaga huquqiy asos bo‘ldi.

Albatta, mazkur Qonun asosida pedagoglarga yuklatilgan mas’uliyat, vazifalar asosida yoshlarni, bo‘lajak mutaxassislarni O‘zbekiston taraqqiyotining yangi davri talablari negizida g‘oyaviy tarbiyalash, har tomonlama raqobatbardosh kadrlar sifatida ularni mustaqil kasbiy hayotga tayyorlash – ta’lim-tarbiya muassasalarining barcha bo‘g‘inlarida faoliyat ko‘rsatuvchi o‘qituvchi, ustoz va murabbiylarning faoliyatiga bog‘liqdir.

Xulosa o‘rnida ta’kidlashimiz lozimki, dunyoda har tomonlama globallashuv avj olayotgan bugungi zamonda davlatimiz tomonidan ilm ahliga, o‘qituvchilarga, ustoz va murabbiylarga – umuman pedagoglarga qaratilgan yuksak darajadagi e’tibor va g‘amxo‘rlik – ishonamizki, albatta o‘z mevasini beradi! Qolaversa, mazkur tarixiy hujjat mamlakatimizning ezgu niyatlar bilan boshlayotgan III Renessans poydevorini yaratishda dasturil amal bo‘lib xizmat qilishi, so‘zsizdir.

Quvondiq Qodirov,

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti rektori v.v.b.