NukusDPI delegatsiyasi “InnoWeek – 2025” Xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligida o‘z loyihalari bilan ishtirok etmoqda

Joriy yilning 9-11-oktyabr kunlari Toshkent shahridagi CAEx – O‘zbekiston xalqaro ko‘rgazmalar markazida “InnoWeek – 2025” VIII Xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligi bo‘lib o‘tmoqda.
Haftalikda mahalliy va xalqaro yirik kompaniyalar, oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari, venchur fondlar, moliya tashkilotlari, xalqaro ma’lumotlar bazalari vakillari ishtirok etmoqda.
Ahamiyatlisi, ushbu xalqaro tadbirda Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Quanishbay Seytnazarov boshchiligidagi institut delegatsiyasi o‘zlarining ilmiy-innovatsion loyihalari bilan ishtirok etmoqda.
Xususan, prorektor Quanishbay Seytnazarov rahbarligida talaba-yoshlar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan qoraqalpoq imo-ishora tilini sun’iy intellekt yordamida avtomatlashtirilgan tarzda tanib olish va tarjima qilish imkonini beruvchi “Karakalpak Sign Language”, masofaviy zondlash (DZZ) texnologiyalariga asoslangan, qishloq xo‘jaligi yerlarining tuproq holati, o‘simliklarning rivojlanishi va hosildorligini aniqlash imkonini beruvchi “Remote Sensing” platformalari, shuningdek, maktab va bolalar bog‘chalariga mo‘ljallangan zamonaviy ta’lim platformasi “Smart School” loyihasi, shuningdek, kimyo kafedrasi dotsenti Alim Asamatdinov tomonidan ishlab chiqilgan, yong‘in va suvga chidamli, sement shimdirilgan, moslashuvchan xususiyatga ega, yengil, egiluvchan “Sement mato” loyihasi ko‘rgazmada ishtirok etayotgan xalqaro va mahalliy ekspertlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Ma’lumot uchun, haftalik doirasida ishtirokchilar uchun fan, texnologiya va innovatsiyalar sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish, shuningdek, xalqaro tajriba almashish imkonini beruvchi 30 dan ortiq ilmiy-amaliy tadbirlar tashkil etish rejalashtirilgan.
NukusDPI matbuot xizmati.
