Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 33 yilligi keng nishonlandi

Joriy yilning 9-aprel kuni Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 33 yilligiga bag‘ishlangan bayram tantanasi o‘tkazildi.
Unda Jo‘qorg‘i Kenges deputatlari, vazirliklar, idora va tashkilotlar, ta’lim muassasalari, huquq-tartibot idoralarining rahbarlari, talaba-yoshlar, jamoatchilik tashkilotlari, ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etdi.
Bayram tantanasida dastlab O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalarining davlat madhiyalari yangradi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbayev yig‘ilganlarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 33 yilligi munosabati bilan tabrikladi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, Konstitutsiyamiz – bu ko‘p millatli xalqimizning hamjihatligi va do‘stligini mustahkamlovchi, ularni ulug‘ bunyodkorlik ishlariga boshlovchi asosiy hujjatdir.
Yurtimiz taraqqiyot bosqichlariga nazar tashlar ekanmiz, iqtisodiyotimizning yildan yilga mustahkamlanib borayotgani, aholining ijtimoiy turmush sharoiti yaxshilanayotgani Konstitutsiyamizga asos qilib olingan, chuqur va puxta o‘ylangan ezgu maqsadlar samarasidir.
Shu o‘rinda alohida ta’kidlash joiz, yurtimizda hurmatli Prezidentimiz rahbarligida Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha alohida qabul qilingan qarorlar, davlat dasturlari hayotimizda ulkan o‘rin egallab kelmoqda. Bugungi kunda respublikamizda mazkur qabul qilingan qaror va farmonlar, davlat dasturlari asosida ulkan qurilish-ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari, salmoqli ijodiy tashabbuslar amalga oshirilmoqda.
Tadbir san’at va madaniyat xodimlari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi bilan davom etdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Axborot xizmati.
