Kiberjinoyatlarning erta oldini olish – bugungi kunning dolzarb masalasi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida talaba-yoshlar ishtirokida kiberjinoyatlarning oldini olish, axborot xavfsizligini ta’minlash hamda internet tarmog‘idan to‘g‘ri va xavfsiz foydalanish madaniyatini shakllantirishga bag‘ishlangan uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuvda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Kiberjinoyatlarga qarshi kurash boshqarmasi mutaxassislari – katta leytenant Atabek Xojayev va Alibek O‘temuratov, yoshlar ta’lim-tarbiyasiga mas’ullar, talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda institut rektori v.b. Quvondiq Qodirov so‘zga chiqib, bugungi kunda keng tarqalayotgan kiberjinoyatlar, jumladan, firibgarlik, shaxsiy ma’lumotlarni o‘g‘irlash, zararli dasturlar va internet orqali sodir etilayotgan boshqa huquqbuzarliklar, ularning oqibatlari haqida aytib o‘tdi.

Uchrashuv davomida mutaxassislar tomonidan talabalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishda e’tiborli bo‘lish, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, noma’lum havolalar va shubhali xabarlardan saqlanish bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi. Shuningdek, kiberxavfsizlikni ta’minlashda har bir foydalanuvchining mas’uliyati alohida ta’kidlandi.

Tadbir ochiq muloqot tarzida o‘tkazilib, mutasaddilar va talaba-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldi.

NukusDPI matbuot xizmati.