NukusDPIda “Yoshlar startap akademiyasi” tashkil etilmoqda

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti tashabbusi bilan talaba-yoshlarning innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash va startap loyihalarini amaliyotga tatbiq etish maqsadida “Yoshlar startap akademiyasi” tashkil etilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Startaplarni qo‘llab-quvvatlashning kompleks ekotizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalardan kelib chiqib amalga oshirilayotgan ushbu chora-tadbirlar yoshlarning istiqbolli tashabbuslari va loyihalarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan.

Ushbu tashabbus doirasida institutning startap loyihalarga qiziqishi bo‘lgan talaba-yoshlari bilan uchrashuv o‘tkazilib, unda Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi Yerniyaz Qasimov va “Yoshlar startap akademiyasi” bosh koordinatori Zilola Allakova tomonidan startap loyihalarni yaratish bosqichlari, investorlarni jalb qilish, loyihalarni moliyalashtirish va amaliy natijalarga erishish yo‘llari bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Shuningdek, talaba-yoshlar o‘z startap loyihalarini taqdim etib, mavjud muammo va takliflarini bildirdi. Ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, zarur sharoitlar yaratish va istiqbolli loyihalarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha kelgusi rejalar belgilab olindi.

NukusDPI matbuot xizmati.