Institutda “Folklor festivali” tashkil etildi

 

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Filologiya fakulteti oʻzbek adabiyoti kafedrasi tashabbusi bilan milliy qadriyatlarimizni targʻib etishga qaratilgan “Folklor festivali” tashkil etildi. Ushbu madaniy-maʼrifiy tadbirda oʻzbek tili va adabiyoti ta’lim yoʻnalishi 1-bosqich talabalari faol ishtirok etib, oʻzaro ijodiy bellashuvda qatnashdilar.

Festivalning asosiy maqsadi talabalarda xalq ogʻzaki ijodi namunalari orqali milliy merosga boʻlgan hurmat va qiziqishni yanada oshirish, folklor janrlarining badiiy-estetik ahamiyatini chuqur anglatish, shuningdek, yoshlarning sahna madaniyati va ijodiy salohiyatini rivojlantirishdan iborat boʻldi.

Bellashuv uchta shart asosida tashkil etildi. Birinchi shart – “Toʻy marosim folklorining hududiy oʻziga xosligi” mavzusida boʻlib, unda ishtirokchilar turli hududlarga xos toʻy marosimlari, udum va anʼanalarni folklor namunalari asosida jonli tasvirlab berdilar. Talabalar ushbu chiqishlarda milliy liboslar, urf-odatlar, marosim qoʻshiqlari orqali hududiy rang-baranglikni yorqin ifodalashga harakat qildilar.

Ikkinchi shart xalq qoʻshiqlari ifodasiga bagʻishlanib, unda alla, aytishuv va lapar qoʻshiqlari ijro etildi. Talabalar xalq ogʻzaki ijodining ushbu janrlarini mahorat bilan kuylab, ularning mazmun-mohiyati, tarbiyaviy va estetik ahamiyatini sahna orqali ochib berdilar. Ijrolar tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.

Uchinchi shartda esa ishtirokchilar muayyan doston parchasi asosida sahna koʻrinishini namoyish etdilar. Ushbu chiqishlar davomida doston qahramonlari obrazi, xalqona ruh va dramatik vaziyatlar jonli ifoda etildi. Sahna koʻrinishlari ijodiy yondashuv, badiiy talqin va aktyorlik mahorati bilan ajralib turdi.

Festival yakunida hakamlar hayʼati tomonidan baholanib, bellashuv natijalariga koʻra 1-, 2- va 3-oʻrin gʻoliblari aniqlanib, taqdirlandilar. Gʻoliblarga esdalik sovgʻalari va diplomlar topshirildi.

Tadbir davomida oʻzbek adabiyoti kafedrasi oʻqituvchilari tomonidan osh damlanib, festival yanada fayzli va koʻtarinki ruhda oʻtdi. Samimiy muhit, milliy taomlar va folklor ohanglari tadbirga oʻzgacha fayz bagʻishladi.

Shuningdek, festivalni tashkillashtirish jarayonida oʻzbek tili va adabiyoti mutaxassisligi 1-bosqich magistrantlari ham faol ishtirok etib, tadbirning yuqori saviyada oʻtishiga munosib hissa qoʻshdilar.

Mazkur folklor festivali talabalar uchun nafaqat ijodiy bellashuv, balki milliy merosimizni chuqurroq anglash, xalq ogʻzaki ijodining bebaho namunalari bilan yaqindan tanishish imkonini bergan muhim madaniy tadbir sifatida yodda qoldi.

NukusDPI matbuot xizmati.