NukusDPIda matematika bo‘yicha II Gubkin fan olimpiadasi bo‘lib o‘tdi

Bugun, 25-aprel kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida umumta’lim maktablarining bitiruvchi sinf o‘quvchilari o‘rtasida matematika bo‘yicha II Gubkin fan olimpiadasi bo‘lib o‘tdi.
Olimpiada I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahridagi filiali tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, respublika bo‘ylab iqtidorli yoshlarni aniqlash, ularning intellektual salohiyatini rivojlantirish, maktab va oliy ta’lim tizimi o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Fan olimpiadasi bir vaqtning o‘zida ikki hududda – Nukus hamda Toshkent shaharlarida o‘tkazildi.
Tantanali ochilish marosimi ikki shahar o‘rtasidagi onlayn videokonferensaloqa orqali o‘tkazildi. Unda universitetning Toshkent shahridagi filiali ijrochi direktori Abdulla Magrupov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Aybek Dauletbayev, institut rektori v.b. Quvondiq Qodirov so‘zga chiqib, barcha ishtirokchilarga omad tiladi.
Tadbir doirasida rus tili fani bo‘yicha o‘tkazilgan fan olimpiadasining g‘oliblari bo‘lgan o‘quvchi-yoshlarga universitetga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinganligi to‘g‘risidagi sertifikatlar topshirildi.
Ochilish marosimidan so‘ng ishtirokchilar matematika fanidan olimpiada topshiriqlarini bajarishga kirishdi.
Olimpiada shartlariga ko‘ra, g‘olib va sovrindorlar universitet sertifikatlari bilan taqdirlanadi hamda ularga imtihonlarsiz o‘qish imkoniyati beriladi.
Shuningdek, yuqori natija ko‘rsatgan ishtirokchilar to‘plagan ballarini kirish imtihonlari natijasi sifatida hisoblash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
NukusDPI matbuot xizmati.
