NukusDPI jamoasi “Munozara” intellektual o‘yinining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida g‘olib bo‘ldi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida talaba-yoshlarning intellektual salohiyatini rivojlantirish, mustaqil fikrlash va mantiqiy tahlil qilish ko‘nikmalarini mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan “Munozara” intellektual o‘yinining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi bo‘lib o‘tdi.
O‘yin davomida ishtirokchi jamoalar belgilangan mavzular bo‘yicha “Tasdiq” va “Inkor” pozitsiyalarida o‘zlarining zukkoligi, tezkor va mantiqiy fikrlash ko‘nikmalarini namoyish etishga harakat qildi.
Intellektual o‘yinning ikkinchi guruh bosqichida Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti jamoasi 1-o‘rinni egallab, g‘olib bo‘ldi va Namangan shahrida bo‘lib o‘tadigan respublika final bosqichiga yo‘llanma oldi.
2-o‘rinni Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali, 3-o‘rinni esa Nukus davlat texnika universiteti jamoalari egalladi.
G‘olib va sovrindor jamoalar O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tomonidan diplom va sovg‘alar bilan taqdirlandi.
NukusDPI matbuot xizmati.
