Ulug‘ shoir Ibroyim Yusupovning 97 yilligiga bag‘ishlangan ilmiy konferensiya va tanlov tashkil etildi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Ibroyim Yusupov tavalludining 97 yilligiga bag‘ishlangan “Vatan – menga, men – Vatanga kerakman” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Konferensiyada O‘zbekiston xalq yozuvchisi, Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi raisi K.Karimov, Qoraqalpog‘iston xalq shoiri G.Dauletova, taniqli shoirlar J.O‘teniyazov, G.Nurlepesova, institut professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar va ma’ruzachilar Ibroyim Yusupovning hayoti, ijodining o‘ziga xos xususiyatlari, asarlarining nafaqat qoraqalpoq adabiyoti, balki, dunyo xalqlari orasida sevib o‘qilayotgani, she’rlari, poemalarini qayta nashr etish, dunyo tillariga tarjima qilish, shoirning nomini abadiylashtirish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumotlar berdi.

Konferensiya qoraqalpoq tili va adabiyoti ta’lim yo‘nalishining 2-kurs talabalari o‘rtasida “Ibroyim Yusupov asarlarining bilimdoni” tanlovi bilan davom etdi.

NukusDPI matbuot xizmati.