Institutda matematika bo‘yicha ochiq fan olimpiadasi bo‘lib o‘tdi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida matematika bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida ochiq fan olimpiadasi yuqori darajada tashkil etildi.
Ushbu fan olimpiadasida respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan 400 nafarga yaqin iqtidorli talaba-yoshlar ishtirok etib, o‘z bilim va salohiyatini sinovdan o‘tkazdi. Olimpiada ikki toifa bo‘yicha o‘tkazildi.
“A” toifasida matematika, amaliy matematika, informatika va kompyuter texnologiyalari ta’lim yo‘nalishlari talabalari ishtirok etib, ularga oliy matematika fanidan 5 ta yozma savol berildi. “B” toifasida esa boshqa ta’lim yo‘nalishlarida o‘qiyotgan talabalar 20 ta yopiq test savollari orqali o‘z bilimlarini namoyish etishga harakat qildi.
Ishtirokchilarga topshiriqlarni bajarish uchun 4 soat vaqt ajratildi. Olimpiada jarayonlari shaffof va adolatli tarzda o‘tkazilib, talabalar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhiti yaratildi.
Fan olimpiadasi yakunlari bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar diplom hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi.
Mazkur fan olimpiadasi talaba-yoshlarning matematika faniga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularning intellektual salohiyatini qo‘llab-quvvatlash hamda oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida ilmiy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
NukusDPI matbuot xizmati.
