Ilm-fan va ta’lim-tarbiya sohasida og‘ir judolik

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti o‘zbek tili kafedrasi professori, filologiya fanlari doktori, Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq ta’limi a’lochisi Ibragimov Yuldash Matkarimovich olamdan o‘tdi.
Yuldash Ibragimov 1942-yil 7-noyabrda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumani Oybek nomidagi dehqon xo‘jaligiga qarashli “Qurbanoq” qishlog‘ida dehqon oilasida tug‘ildi. Uning yoshligi ikkinchi jahon urushining qizg‘in pallalariga to‘g‘ri kelib, u urushning barcha qiyinchiliklarini o‘z boshidan kechirdi. 1959-1961-yillarda Xo‘jayli pedagogika bilim yurtida o‘qidi. 1961-yili Alisher Navoiy nomidagi Samarqand davlat universitetining Filologiya fakultetiga o‘qishga kirib, uni 1966-yili imtiyozli diplom bilan tamomladi.
U dastlabki mehnat faoliyatini Xo‘jalidagi N.K.Krupskaya nomidagi o‘rta maktabda o‘zbek tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi bo‘lishdan boshladi.
Serqirra ijod sohibi Yu.Ibragimov o‘zbek tili tarixi, leksikologiyasi, leksikografiyasi, morfologiyasi, dialektologik leksika, lingvogeografiya, arealingvistika, onomastika, etnografiya, nutq madaniyati va ona tilini o‘qitish metodikasi bo‘yicha tadqiqotlar olib bordi. U – Janubiy Orolbo‘yi dialektlarini lingvogeografik aspektda o‘rganib, uning dialektologik atlasini yaratgan birinchi olim.
Yu.Ibragimov oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun “Qoraqalpog‘istondagi o‘zbek shevalarida “Feʼl” (1981), “Mahalliy o‘zbek shevalardan material to‘plovchilar uchun metodik qo‘llanma”, “Исследование узбекских говорах Приараля” (1992), “Лексика узбекских говорах Приараля” (1996), “Nutq madaniyatidan lavhalar”, “O‘zbek tilida “Feʼl” mavzusini modelli o‘qitishning taʼlim texnologiyasi” (2018) va boshqa monografiya, o‘quv qo‘llanma, o‘quv- uslubiy qo‘llanmalarni nashr ettirdi.
Olim 3 ta monografiya, 2 ta o‘quv qo‘llanma, 2 ta o‘quv-uslubiy qo‘llanma, 1 ta ko‘rsatma, 230 dan ortiq ilmiy-uslubiy maqola, 200 ga yaqin gazeta va jurnal maqolalari muallifidir.
Yu.Ibragimov nafaqat filolog olim, balki erkin kurash bo‘yicha bir necha bor Qoraqalpog‘iston va O‘zbekiston Respublikalari birinchiligi uchun o‘tkazilgan musobaqalarda qatnashib, faxrli o‘rinlarni egallagan. 1963-yili O‘zbekiston Respublikasida “Burevestnik” guruhi birinchiligi uchun erkin kurash bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqada birinchi o‘rinni olib, chempion bo‘ldi. O‘qishda va sport ishlarida erishgan yutuqlari uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sovetining “Faxriy yorlig‘i” bilan taqdirlandi.
Yarim asrdan ortiq umrini dialektologiyaga bag‘ishlagan jonkuyar olim Yu.Ibragimov Janubiy Orolbo‘yi o‘zbek shevalarining lingvogeografik atlasini yaratish ustida katta ishlarni olib bordi va kelajak avlodlar uchun asrlarga tatigulik meros qoldirdi.
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti jamoasi marhumning oila a’zolari, qarindosh-urug‘lari va yaqinlariga chuqur ta’ziya bildirib, ularga yaratgandan sabr tilaydi.
Mehribon ustoz, samimiy va oqko‘ngil inson Yuldash Ibragimovning yorqin xotirasi uning yaqinlari, shogirdlari va hamkasblari qalbida mangu saqlanadi.
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti rektorati, mehnat jamoasi va jamoat tashkilotlari.