Jizzaxda o‘tgan “Do‘stlik festivali” yoshlarni birlashtirdi

Jizzax davlat pedagogika universitetida Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti talaba-yoshlari ishtirokida “Biz – bir oila farzandlarimiz!” shiori ostida “Do‘stlik festivali” tashkil etildi.
Festivalning birinchi kuni yoshlar universitetda ta’lim olish, ilmiy izlanishlar olib borish va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyida bo‘lib, xalqimizning murakkab tarixiy davrlari va ajdodlarimiz hayoti haqida muhim ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
Festival doirasida ikki oliy ta’lim muassasasi Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkilotlari o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolanishi yoshlar o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashish va istiqboldagi qo‘shma loyihalar uchun muhim qadam bo‘ldi.
Tadbirlar davomida tashkil etilgan viktorinalar, “Zakovat” intellektual o‘yini, mini futbol bo‘yicha do‘stlik musobaqasi, ijodkor va iqtidorli talabalar ishtirokidagi konsert dasturlari hamda boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlar yoshlarga unutilmas taassurotlar bag‘ishladi.
“Do‘stlik festivali” ikki oliy ta’lim muassasasi yoshlarini birlashtirish bilan birga millatlararo totuvlik, o‘zaro hurmat va hamjihatlik kabi yuksak qadriyatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
NukusDPI matbuot xizmati.
