NukusDPI talabalari “Techstars Startup Weekend Nukus” ideatonida yuqori natijalarga erishdi

Joriy yilning 26-28-iyun kunlari Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida “Techstars Startup Weekend Nukus” ideatoni tashkil etildi.

Yoshlarning innovatsion g‘oyalari va startap tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularda tadbirkorlik, jamoada ishlash va muammolarni zamonaviy usullar yordamida hal etish ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida o‘tkazilgan tadbirda Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining bir guruh faol talabalari ham ishtirok etdi.

Ideaton yakunida institut talabalaridan Zilola Allakova, Alfiya Amangeldiyeva va Aliya Abdigaliyevalar tomonidan ishlab chiqilgan “Clipper” loyihasi hakamlar hay’ati tomonidan faxrli 3-o‘ringa loyiq deb topildi. Shu tariqa, institut talabalari 5 million so‘m g‘olibi bo‘ldi.

Ideaton davomida ishtirokchilar ekspertlar va mentorlar yordamida o‘z g‘oyalarini takomillashtirib, bozorni tahlil qilish, biznes-model tuzish, innovatsion yechimlar ishlab chiqish va investorlarni qiziqtirish bo‘yicha amaliy bilimlarni o‘zlashtirdi.

Institut rektori v.b. Quvondiq Qodirov ideatonda faxrli o‘rinni egallagan talabalar bilan uchrashib, ularni qo‘lga kiritgan natijasi bilan tabrikladi.

NukusDPI matbuot xizmati.