“Oq yo‘l Sizga, bitiruvchi!”: NukusDPIda bitiruvchilarga diplom topshirish kechasi bo‘lib o‘tdi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida 2025-2026-o‘quv yili bitiruvchilariga diplom topshirishga bag‘ishlangan “Oq yo‘l Sizga, bitiruvchi!” mavzusida tantanali kecha bo‘lib o‘tdi.
Kechada bakalavr ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bitiruvchilari, ularning ota-onalari, oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, professor-o‘qituvchilar, pedagog xodimlar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda institut rektori v.b. Quvondiq Qodirov, “Nuroniy” jamg‘armasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi raisi Tursinbay Abdijabbarov, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Qoraqalpog‘iston Kengashi raisi Ulug‘bek Jalmenov, nuroniy ustoz Begdulla Sultanov, madaniyat sohasi fidoyisi Qalbay Turdiyev so‘zga chiqib, barcha bitiruvchi yoshlarni tabrikladi va kelgusi ishlariga muvaffaqiyatlar tiladi.
Ta’kidlash joiz, yakunlanayotgan joriy o‘quv yilida Nukus davlat pedagogika institutini bakalavriatning kunduzgi, kechki va sirtqi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha jami 4 ming 422 talaba, magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha 225 magistrant tamomlamoqda.
Bitiruvchilar orasidan minglab talaba-yoshlar tegishli ish beruvchilar bilan uch tomonlama shartnomalar tuzish orqali ish o‘rinlariga yo‘llanmalar oldi.
Tadbirda bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bitiruvchilariga diplomlar topshirildi.
Joriy o‘quv yili institut tarixida ulkan yutuqlarga, yuksak natijalarga boy yillardan biri sifatida tarix sahifalaridan joy oldi.
Institut talabalari orasidan joriy o‘quv yilining o‘zida 15 nafar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalari, 9 nafar Ajiniyoz Qosiboy o‘g‘li nomidagi stipendiya g‘oliblari yetishib chiqdi.
Institut talaba-yoshlari respublika va xalqaro fan olimpiadalari, “Talabalar ligasi”, “Besh tashabbus olimpiadasi”, “Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi”, “Yangi O‘zbekiston ayollar olimpiadasi” kabi sport musobaqalarining respublika final bosqichlarida yuqori natijalarni qo‘lga kiritdi.
Innovator yoshlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi kubogi, “Bo‘lajak olim”, “Mirzo Ulug‘bek vorislari”, “Eng faol yil talabasi” kabi tanlovlarda, respublika va xalqaro grantlar tanlovlarida g‘olib bo‘ldi.
Tadbirda o‘quv yili davomida ilm-fan, ta’lim, madaniyat, sport va boshqa yo‘nalishlarda katta yutuqlarga erishgan talabalarning ota-onalariga tashakkurnomalar topshirildi.
Bitiruv kechasi doirasida tashkil etilgan konsert dasturi ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
NukusDPI matbuot xizmati.
