Mustaqillikning 35 yilligi va “Dolzarb 90 kun” doirasida talabalar uchun ma’rifiy sayohat tashkil etildi

Mustaqilligimizning 35 yilligi hamda “Dolzarb 90 kun” doirasida Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining 50 nafardan ortiq faol talabalari uchun Toshkent shahridagi Temuriylar tarixi davlat muzeyi va Adiblar xiyoboniga ma’rifiy sayohat tashkil etildi.
Sayohat davomida talabalar Temuriylar davlati tarixi, buyuk sarkarda va davlat arbobi Amir Temur hamda temuriylar sulolasining ilm-fan, madaniyat va bunyodkorlik sohasidagi ulkan merosi bilan yaqindan tanishish imkoniga ega boʻlishdi. Muzeydagi noyob eksponatlar va tarixiy manbalar yoshlarda milliy tariximizga hurmat va qiziqishni yanada mustahkamladi.
Shuningdek, Adiblar xiyoboniga tashrif davomida talabalar oʻzbek va qoraqalpoq adabiyoti, ma’naviy-ma’rifiy hayotiga ulkan hissa qoʻshgan atoqli adiblar haykallari poyiga gul qoʻyib, ularning hayoti va ijodi bilan tanishdilar. Bu esa yoshlarda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, milliy qadriyatlar va adabiy merosga hurmat tuygʻusini yanada kuchaytirishga xizmat qildi.


