Institutda kiberjinoyatlarning oldini olish masalalariga bag‘ishlangan o‘quv-seminar tashkil etildi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida xodimlar va talaba-yoshlar o‘rtasida axborot xavfsizligi madaniyatini yuksaltirish, internet tarmog‘idan xavfsiz foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish va kiberjinoyatlarning oldini olish maqsadida o‘quv-seminari tashkil etildi.

Seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Kiberjinoyatlarga qarshi kurash boshqarmasi inspektori N.Jumabayev, Davlat xavfsizlik xizmati mutaxassisi N.Abduqodirov, institut rektorining maslahatchisi G‘.Ibadullayev, Cyber University davlat universiteti kiberxavfsizlik injiniringi ta’lim yo‘nalishi talabasi X.Abdullayev, institutning bo‘lim boshliqlari, dekan o‘rinbosarlari, pedagog va mutaxassis xodimlar, tyutorlar, shuningdek, talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda institut rektori v.b. Quvondiq Qodirov so‘zga chiqib, bunday seminarlar xodimlar va talaba-yoshlarning axborot xavfsizligi yo‘nalishidagi bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, kiberjinoyatlarga qarshi kurashishda ularning huquqiy madaniyatini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Seminarda soha mutaxassislari tomonidan bugungi kunda uchrayotgan kiberfiribgarlik holatlari, ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlar orqali amalga oshirilayotgan firibgarlik usullari, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, bank plastik kartalari va elektron to‘lov tizimlaridan xavfsiz foydalanish bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berildi.

Ta’kidlanganidek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida joriy yilning o‘tgan olti oyi davomida ichki ishlar organlariga kiberjinoyatlar bilan bog‘liq jami 1922 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, umumiy yetkazilgan zarar miqdori 13 milliard 115 million so‘mni tashkil etgan. Kiberjinoyatlarning 49,8 foizi zararli .apk fayllarni yuklab olish bilan bog‘liq holatlar oqibatida amalga oshirilgan. Shu ma’lumotning o‘zi bu masalaning naqadar dolzarbligini ko‘rsatmoqda.

Seminar davomida ishtirokchilarga shubhali havolalar va noma’lum manbalardan yuborilgan xabarlarga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish, kuchli parollardan foydalanish va ikki bosqichli himoya tizimini qo‘shish kabi muhim tavsiyalar berildi.

Tadbir savol-javoblar va fikr almashinuvlar bilan davom etdi.

NukusDPI matbuot xizmati.