“Dolzarb 90 kun”: Talabalar sun’iy intellekt mavzusida munozara olib bordi

“Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining Filologiya fakulteti tomonidan talaba-yoshlarning tanqidiy fikrlashi, nutq madaniyati va muloqot ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan “Munozara” intellektual o‘yini tashkil etildi.
Munozara davomida ishtirokchilar ikki jamoaga – “Tasdiq” va “Inkor” pozitsiyalariga bo‘linib, bugungi kunning dolzarb mavzularidan biri bo‘lgan sun’iy intellektdan foydalanishning ijobiy va salbiy jihatlari yuzasidan o‘z fikr va dalillarini asoslab himoya qildilar.
Qizg‘in bahs-munozaralar jarayonida talabalar sun’iy intellektning ta’lim, ilm-fan va kundalik hayotdagi imkoniyatlari, shuningdek, undan foydalanishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan axloqiy, huquqiy va ijtimoiy masalalar yuzasidan tahliliy fikrlar bildirdilar.
Mazkur intellektual o‘yin talabalarning erkin fikrlash, mantiqiy mushohada yuritish, jamoada ishlash va omma oldida nutq so‘zlash ko‘nikmalarini yanada rivojlantirishga xizmat qildi.
NukusDPI matbuot xizmati.
