NukusDPIda texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarni o‘qishga qabul qilish uchun suhbat o‘tkazilmoqda

Bugun, 14-avgust kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida 2026-2027-o‘quv yili uchun texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarni bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha suhbat o‘tkazish jarayoni boshlandi.

Tasdiqlangan jadval asosida, bugun bakalavriatning maktabgacha ta’lim yo‘nalishiga suhbat o‘tkazilmoqda.

Suhbat jarayoniga institutning malakali professor-o‘qituvchilari bilan birgalikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mutaxassislari, sohada muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan pedagoglar jalb qilinib, abituriyentlarning tayyorgarligi munosib baholanmoqda.

Shuningdek, jarayonning adolatli, ochiq o‘tishi institutning korrupsiyaga qarshi kurash «Komplayens-nazorat» tizimini boshqaruv bo‘limi mas’ullari va respublika miqyosidagi ommaviy axborot vositalari vakillari tomonidan nazoratga olingan.

– Kegeyli tumanidagi 3-sonli servis texnikumini a’lo baholar bilan tugatib, shu institutning maktabgacha ta’lim yo‘nalishiga suhbat topshirib chiqdim. Imtihon adolatli tarzda, belgilangan qonun talablari doirasida o‘tkazilmoqda. Berilgan savollarning barchasiga javob berib, yuqori natijaga erishdim. Xudo xohlasa shu dargohning talabasi bo‘lib, o‘z tanlagan soham bo‘yicha yuqori salohiyatga ega malakali kadr bo‘lib yetishib, kelajak avlodlar tarbiyasiga o‘z hissamni qo‘shmoqchiman, – deydi Go‘zal Ismetullayeva.

Ma’lumot uchun, suhbat natijalari institutning rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.

NukusDPI matbuot xizmati.