Ilm-fan va ta’lim-tarbiya sohasida og‘ir yo‘qotish

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti tasviriy san’at va muhandislik grafikasi kafedrasi dotsenti, san’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori, yurtimizga mashhur olim-pedagog Mambetqadirov G‘ayratbay Amanbayevich vafot etdi.
G‘ayratbay Mambetqadirov 1974-yil 1-yanvarda Mo‘ynoq tumanida ziyolilar oilasida tug‘ilgan. Maktabni bitirgandan so‘ng u o‘z qiziqishi bo‘yicha ta’lim olish maqsadida Nukus shahridagi J.Shamuratov nomidagi davlat san’at o‘quv yurtining rangtasvir yo‘nalishida o‘qishini davom ettirdi.
1994-yilda Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining chizmachilik, tasviriy san’at va sharq xalq hunarmandchiligi mutaxassisligiga o‘qishga qabul qilinib, 1999-yilda muvaffaqiyatli tamomladi.
U mehnat faoliyatini o‘zi ta’lim olgan institutda assistent-o‘qituvchilikdan boshlagan bo‘lsa, keyinchalik o‘zining bilimi, qobiliyati, talabchanligi, mehnatsevarligi natijasida katta o‘qituvchi, kafedra mudiri lavozimlarida ishlab, dotsent ilmiy unvoniga erishdi va jamoada katta obro‘ga ega bo‘ldi.
G‘ayratbay Mambetqadirov ilmiy-pedagogik yo‘nalishdagi izlanishlari natijasida 2018-yilda “Qoraqalpog‘iston haykaltaroshligining shakllanishi va rivojlanishi” mavzusidagi dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilib, san’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) darajasiga erishdi.
Ilmiy-pedagogik faoliyati davomida ikkita uslubiy va bitta o‘quv qo‘llanmasini nashr ettirdi. Respublika va xalqaro miqyosdagi ilmiy jurnallarda 20 dan ortiq ilmiy maqolalari, konferensiyalar to‘plamlarida ko‘plab tezislari chop etildi.
Shuningdek, uning ilmiy rahbarligida yurtimizning umidli yoshlari respublika va xalqaro fan olimpiadalarida, davlat stipendiyalari tanlovlarida bir necha bor g‘olib bo‘ldi. Respublika miqyosida o‘tkaziladigan Mustaqillik va Navro‘z bayramlarida shogirdlari bilan birgalikda tashkiliy ishlarda ham alohida faollik ko‘rsatdi.
U yurtimizning tasviriy san’at va muhandislik grafikasi yo‘nalishidagi yetuk mutaxassislaridan biri sifatida tajribali va yosh mo‘yqalam sohiblarining ko‘plab ko‘rgazmalarini tashkil etishga ham rahbarlik qilib, yurtimiz san’atini dunyoga tanitishda samarali mehnat qildi.
G‘ayratbay Mambetqadirov institutimiz jamoasi orasida fidoyiligi, mehnatsevarligi, talabchanligi, insonparvarligi bilan alohida hurmatga sazovor bo‘ldi.
Uning yorqin, o‘chmas xotirasi qalblarimizda mangu saqlanib qoladi.
Marhumning vafoti munosabati bilan oila a’zolari, qarindosh-urug‘lari, yaqinlari va shogirdlariga chuqur ta’ziya izhor etamiz.
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti rektorati va mehnat jamoasi, jamoat tashkilotlari, Pedagogika-psixologiya va ijodiy ta’lim fakulteti, tasviriy san’at va muhandislik grafikasi kafedrasining mehnat jamoasi.