Qoraqalpog‘istonlik yoshlar uchun yangilik: bu yil ham qo‘shimcha 6 500 kvota ajratildi

Hurmatli Prezidentimizning 2022-yil 31-avgustdagi 213-sonli farmoni bilan har yili Qoraqalpog‘iston Respublikasida doimiy yashaydigan hamda umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarini tamomlagan yoshlar uchun to‘lov-kontrakt asosida qo‘shimcha kvotalar ajratib kelinmoqda.
Joriy yilda ham respublikamizning shahar va tumanlari uchun zarur bo‘lgan mutaxassisliklar sonidan va kadrlarning ichki ehtiyojlaridan kelib chiqib, viloyatlardagi oliy ta’lim muassasalarini tanlagan abituriyentlar uchun to‘lov-kontrakt asosida 6 500 ta qo‘shimcha kvota ajratildi.
Albatta, qo‘shimcha kvotalarning ajratilishi bu respublikamiz uchun zarur bo‘lgan yuqori bilimga ega malakali kadrlarni tayyorlashda muhim bo‘lib, bu o‘z navbatida hurmatli Prezidentimizning qoraqalpog‘istonlik yoshlar uchun alohida yaratib bergan imkoniyatlarining yana bir ko‘rinishi bo‘ldi, desak adashmagan bo‘lamiz.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Axborot xizmati.