Xotin-qizlarning huquqiy va moliyaviy savodxonligi – iste’molchi huquqlarining muhim kafolati

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida xotin-qizlar, jumladan, yoshlarning huquqiy va moliyaviy savodxonligini oshirishga qaratilgan seminar tashkil etildi.
Seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari S.Najimov, institut rektorining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi S.Bekchanova, professor-o‘qituvchilar, tyutorlar va talaba-qizlar ishtirok etdi.
Tadbirda ishtirokchilarga iste’molchilar duch kelayotgan eng asosiy muammolar, shartnoma munosabatlarida e’tibor qaratish lozim bo‘lgan jihatlar, elektron savdo va reklama sohasidagi iste’molchi huquqlari, shuningdek, tabiiy va energiya resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha muhim tushuncha va tavsiyalar berildi.
Qayd etilganidek, qo‘mita tomonidan joriy yilning birinchi yarim yilligida mingdan ortiq jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari ko‘rib chiqilgan bo‘lsa, 170 mingga yaqin fuqaroning iste’mol huquqlari tiklangan. Iste’molchilardan asossiz undirilgan 6,2 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ qayta hisob-kitob qilinib, iste’molchilar manfaatlariga hal etilgan.
Albatta, bu ko‘rsatkichlar har bir murojaat ortida inson manfaati, huquqi va qonuniy talabi turganini ko‘rsatadi.
Seminar davomida ishtirokchilar o‘zlari duch kelayotgan muammoli vaziyatlar haqida aytib o‘tib, savollariga to‘liq javob oldi.
NukusDPI matbuot xizmati.
