Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Munozara” intellektual turniri tashkil etildi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi oliy ta’lim muassasalari talaba-yoshlari o‘rtasida “Munozara” intellektual turniri bo‘lib o‘tdi.
Turnir talaba-yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish, ularning mustaqil fikrlash, o‘z nuqtai nazarini asosli va mantiqiy tarzda yetkazish, bahs-munozara yuritish va jamoa bo‘lib ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratildi.
Intellektual turnirda bilimga chanqoq va faol talabalar dolzarb masalalar bo‘yicha o‘zaro fikr almashdi, berilgan mavzular atrofida o‘z pozitsiyalarini ilgari surib, uni aniq dalillar, mantiqiy xulosalar va hayotiy misollar orqali asoslashga harakat qildi.
Ayniqsa, bahs-munozaralar davomida ishtirokchilarning tezkor qaror qabul qilish, savolga javob berish qobiliyati, raqib jamoaning fikrlarini tahlil qilish va unga asoslangan dalillar bilan javob qaytarish bo‘yicha ko‘nikmalari ortib bordi.
Turnir yakunida barcha ishtirokchilar institut Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti tomonidan faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Mazkur turnir yoshlarning bilim va intellektual darajasini sinovdan o‘tkazish bilan birga, ular o‘rtasida o‘zaro fikr almashish muhitini yaratish va do‘stona munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qildi.
NukusDPI matbuot xizmati.
