“Kelajakka qadam”: Bitiruvchi yoshlar uchun imkoniyatlar va tadbirkorlik sari yangi yo‘nalishlar

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida bitiruvchi talabalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash, tadbirkorlik tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish hamda mehnat bozoriga muvaffaqiyatli kirib borishiga ko‘maklashish maqsadida “Kelajakka qadam” dasturi doirasida seminar-trening tashkil etildi.

Unda “O‘zmilliybank” AJ Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bosh boshqarmasi mutaxassisi K.Sharipova, yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i A.Bazarbayev, ijtimoiy fanlar kafedrasi dotsenti T.Tadjiyev, Tabiiy fanlar fakulteti 4-kurs talabasi, bir nechta grant loyihalari muallifi K.Qizilbayeva,  hamda bitiruvchi talabalar ishtirok etdi.

Tadbirni so‘z olganlar mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash, tashabbus va intilishlarini ro‘yobga chiqarish, ayniqsa, oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining munosib ish o‘rinlariga ega bo‘lishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida to‘xtaldi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlar tadbirkorligini hamda ularning bandligini ta’minlashga qaratilgan biznes loyihalarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, “Oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining ishga joylashishiga ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hamda “Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish va bandligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlarida belgilangan vazifalar mazmun-mohiyati haqida ma’lumot berildi.

Mazkur qarorlar asosida amalga oshirilayotgan “Kelajakka qadam” dasturi oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining bandligini ta’minlash, ularning biznes g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash va mehnat bozoriga moslashishiga ko‘maklashishga qaratilgani ta’kidlandi. Mazkur dastur doirasida bitiruvchi talabalarga o‘z biznes g‘oyalarini ishlab chiqishdan boshlab, ularni amaliy loyihaga aylantirish va moliyalashtirishgacha bo‘lgan jarayonlarda ko‘mak ko‘rsatilishi nazarda tutilgan.

Shuningdek, yoshlar uchun yangi yo‘lga qo‘yilgan “Talabaga madadkor” va “DualEdu” kredit paketlari haqida ham ma’lumot berilib, talabalarga biznes g‘oyalarini shakllantirish, tegishli biznes-reja ishlab chiqish va moliyalashtirish masalalarida bank hamda “Kelajakka qadam” markaziga murojaat qilish mumkinligi tushuntirildi.

Seminar-trening davomida bitiruvchi talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan mutaxassislarga murojaat qilib, kredit olish shartlari, biznes loyihalarni moliyalashtirish, biznes-reja tayyorlash, grant va boshqa moliyaviy imkoniyatlardan foydalanish hamda tadbirkorlik faoliyatini boshlash tartibi bo‘yicha batafsil javoblar oldilar.

NukusDPI matbuot xizmati.