Turkiy tilli xalqlar adabiyoti tarixi va folklorini o‘rganish masalalariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya tashkil etildi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Filologiya fakulteti qoraqalpoq adabiyoti kafedrasi tomonidan “Turkiy tilli xalqlar adabiyoti tarixi, folklorini o‘rganishning dolzarb masalalari va innovatsion yondashuvlar” mavzusida xalqaro ilmiy-nazariy konferensiya tashkil etildi.

Unda turkiy xalqlar adabiyoti va folklorining rivojlanish tarixi, o‘ziga xos badiiy-estetik xususiyatlari, milliy qadriyatlarni aks ettirishdagi o‘rni, folklor namunalarini ilmiy-tadqiq etishning zamonaviy metodlari, shuningdek, adabiyotshunoslik va folklorshunoslik sohasida innovatsion yondashuvlarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.

Konferensiyada Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston va respublikamizdagi ilg‘or oliy ta’lim muassasalari, ilmiy markazlardan professor-o‘qituvchilar, olimlar va tadqiqotchilar, doktorantlar, magistrantlar va talabalar ishtirok etdi.

Tadbir davomida turkiy tilli xalqlar adabiyoti tarixining muhim bosqichlari, mumtoz va zamonaviy adabiyot namunalari, xalq og‘zaki ijodining janriy xususiyatlari, dostonchilik an’analari, xalq qo‘shiqlari, maqol-matallar, afsonalarning badiiy va tarixiy ahamiyati yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

Adabiyot va folklor namunalarini o‘rganishda raqamli texnologiyalar, zamonaviy tadqiqot usullari, fanlararo yondashuv va xalqaro ilmiy hamkorlik imkoniyatlari haqida fikr almashildi.

Konferensiya o‘z ishini belgilangan seksiyalarda davom ettirdi.

NukusDPI matbuot xizmati.