Jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish – har birimizning ezgu vazifamizdir

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida yoshlar o‘rtasida tinchlik va osoyishtalikning qadriga yetish, turli yot g‘oyalar va ma’naviy tahdidlarga qarshi mafkuraviy immunitetni shakllantirish, ma’rifat va bilimning inson hayotidagi ahamiyatini targ‘ib qilishga bag‘ishlangan uchrashuv tashkil etildi.
“Tinchlik – eng oliy ne’mat” va “Jaholatga qarshi – ma’rifat bilan kurashish” mavzularida o‘tkazilgan tadbirda institut rektori v.b. Q.Qodirov, rektor maslahatchisi G‘.Ibadullayev, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy boshqarmasi bosh mutaxassisi N.Jamalov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Nukus shahar Ichki ishlar boshqarmasi terrorizmga qarshi kurashish bo‘limi tezkor vakili, katta leytenant N.Muhammaddinov, Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy nomidagi o‘rta maxsus islom bilim yurti prorektori Q.Mambetov, institutning yoshlar masalalari bo‘yicha mas’ullari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida tinchlik va barqarorlik inson taraqqiyoti, jamiyat farovonligi va yosh avlod kelajagi uchun eng muhim omillardan biri ekani ta’kidlandi. Bugungi globallashuv sharoitida yoshlarni turli axborot xurujlari, buzg‘unchi g‘oyalar va ma’naviy tahdidlardan himoya qilish, ularda mustaqil fikrlash, voqea-hodisalarga tanqidiy va tahliliy yondashish ko‘nikmalarini shakllantirish dolzarb vazifa ekaniga e’tibor qaratildi.
Jaholatning oldini olishning eng samarali yo‘li – ilm-fan, ta’lim-tarbiya va ma’rifat ekani, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni kitobxonlik, ilmiy-ijodiy izlanishlar, sport va turli foydali mashg‘ulotlarga keng jalb etish zarurligi haqida fikrlar bildirildi.
Tadbirda tinchlik va osoyishtalikni asrash, jamiyat hayotida faol fuqarolik pozitsiyasini namoyon etish, bilim va ma’rifat orqali turli salbiy ta’sirlarga qarshi turish bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi.
NukusDPI matbuot xizmati.
