O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan bayram kechasi tashkil etildi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida 1-oktyabr – O‘qituvchilar va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan bayram kechasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda institut rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, pedagog xodimlar va talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Bayram kechasida institut rektori v.b. Quvondiq Qodirov so‘zga chiqib, ustoz va murabbiylarning jamiyat hayotidagi o‘rni, yosh avlodni bilimli, ma’naviy barkamol va vatanga sadoqatli insonlar etib tarbiyalashdagi fidokorona mehnatlarini alohida ta’kidladi. Ta’lim va tarbiya sohasida ko‘p yillardan buyon samarali faoliyat yuritib kelayotgan, ilmiy-pedagogik jarayonlarda o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelayotgan professor-o‘qituvchilarga minnatdorlik bildirdi.
Kecha davomida ilmiy-pedagogik, ta’lim-tarbiyaviy ishlarda alohida namuna bo‘layotgan bir guruh professor-o‘qituvchilar O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining “Oliy ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Shuningdek, institut rektorining faxriy yorliqlari va kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan tayyorlangan bayram sovg‘alari ustoz va o‘qituvchilarga tantanali ravishda topshirildi.
Bayram kechasi institutning iqtidorli talabalari va “To‘maris” xalq ansambli tomonidan tayyorlangan konsert dasturi bilan davom etdi. Unda yangragan kuy-qo‘shiqlar, raqslar ustozlarga bayramona kayfiyat ulashdi.
NukusDPI matbuot xizmati.


