Korrupsiyaning oldini olishda ta’limning roli

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Tarix fakultetida shu mavzuda tashkil etilgan uchrashuvda bugungi kunda jamiyat taraqqiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillardan biri bo‘lgan korrupsiyaning oldini olish, uning kelib chiqish sabablarini bartaraf etish va korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish dolzarb vazifalardan biri ekanligi ta’kidlandi.
Uchrashuvda korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplayens nazorat” tizimini boshqarish bo‘limi boshlig‘i Sh.Shamuratov, fakultet dekanati mas’ullari hamda professor-o‘qituvchilar ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olganlar, korrupsiyaning oldini olishda ta’lim tizimining o‘rni alohida ahamiyatga ega ekanligini qayd etdi. Ta’lim muassasalarida faoliyat olib borayotgan har bir professor-o‘qituvchi o‘zining xizmat vazifalarini sidqidildan bajarishi, ta’lim jarayonida xolislik, adolat, shaffoflik va qonuniylik tamoyillariga qat’iy amal qilishi lozimligini bildirdi.
Professor-o‘qituvchilarning kasbiy faoliyatida korrupsion holatlarga yo‘l qo‘ymaslik, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, xizmat vakolatlaridan to‘g‘ri va qonuniy foydalanish hamda ta’lim jarayonining shaffofligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi.
Uchrashuv davomida professor-o‘qituvchilar tomonidan korrupsiyaning oldini olish, ta’lim jarayonida shaffoflikni ta’minlash masalalari yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
