NukusDPIda “Founders Night” – startap va yangi g‘oyalar kechasi tashkil etildi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti va iqtidorli talabalarning ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etish bo‘limi bilan hamkorlikda talaba-yoshlarning innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, startap loyihalarga bo‘lgan qiziqishini oshirish, tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish, shuningdek, o‘zaro tajriba almashish uchun imkoniyat yaratish maqsadida “Founders Night” – startap va yangi g‘oyalar kechasi tashkil etildi.

Kechada Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Apparatining Raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalari sektori boshlig‘i Q.Seytnazarov, Vazirlar Kengashi huzuridagi Grantlarni jalb qilish markazi direktori o‘rinbosari M.Paxratdinov, IT Park Qoraqalpog‘iston direktori B.To‘remuratova, IT Park startap menejeri B.Ubaydullayev, institutning tegishli mas’ullari, iqtidorli talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbir yoshlarning ijodiy va intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularni yangicha fikrlashga yo‘naltirish, muammolarga innovatsion yechimlar topish va istiqbolli loyihalarni ishlab chiqishni rag‘batlantirishga qaratildi.

Dastur doirasida ishtirokchilar “Startap yo‘li” nomli qisqa metrajli filmni tomosha qildi. Shuningdek, tashkil etilgan Workshop mashg‘ulotlari orqali startaplar olami, yangi g‘oyalarni rivojlantirish va ularni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Kechaning eng qiziqarli qismlaridan biri ishtirokchilarga muayyan muammoni hal qilish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirish vazifasi berilgan interfaol shart bo‘ldi. Bunda har bir ishtirokchiga o‘z g‘oyasini qisqa va aniq ifodalash uchun bir daqiqa vaqt ajratildi. Ishtirokchilarning kreativ yondashuvi, faol fikrlashi va muammoga noodatiy yechim taklif etish qobiliyati sinovdan o‘tkazildi.

Eng yaxshi kreativ yechimlar mualliflari institut rektorati tomonidan moddiy rag‘batlantirildi.

“Founders Night” talaba-yoshlar uchun yangi bilim va tajriba orttirish bilan birga, hamfikrlar bilan tanishish, o‘zaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va kelajakdagi startap loyihalari uchun yangi g‘oyalar olish maydoniga aylandi.

NukusDPI matbuot xizmati.