Milliy qadriyatlar – millat ma’naviyatining mustahkam poydevori

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida “Milliy qadriyatlar va ularning millat ma’naviyatidagi o‘rni” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuvda Nukus shahridagi Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy nomidagi o‘rta maxsus islom bilim yurti direktorining o‘rinbosari Qabil Mambetov hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy boshqarmasi Nukus shahar bo‘limi bosh mutaxassisi Xudaybergen Nizamatov ishtirok etdi.

Tadbir davomida milliy qadriyatlarning xalqimiz hayotidagi o‘rni, ajdodlardan meros bo‘lib kelayotgan urf-odat va an’analarni asrab-avaylash, yosh avlod qalbida milliy o‘zlikni anglash, Vatanga muhabbat va ma’naviy mas’uliyat tuyg‘ularini mustahkamlash masalalari haqida so‘z yuritildi.

Shuningdek, milliy va umuminsoniy qadriyatlarning o‘zaro uyg‘unligi, jamiyatda bag‘rikenglik va o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlash, yoshlarni turli yot g‘oyalar ta’siridan asrashda ma’naviy-ma’rifiy tarbiyaning ahamiyati yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

Uchrashuv yoshlarning milliy qadriyatlarga hurmatini oshirish, ularning ma’naviy dunyoqarashini boyitish hamda jamiyat hayotida faol va mas’uliyatli pozitsiyani shakllantirishga xizmat qildi.

NukusDPI matbuot xizmati.