“Munozara” intellektual turnirining hududiy bosqichi bo‘lib o‘tdi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi oliy ta’lim muassasalari talaba-yoshlari o‘rtasida “Munozara” intellektual turnirining hududiy bosqichi tashkil etildi.

Mazkur turnir yoshlarning intellektual salohiyatini yuksaltirish, mustaqil va tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish, o‘z nuqtayi nazarini asosli dalillar bilan himoya qilish hamda jamoada ishlash madaniyatini shakllantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Musobaqa davomida ishtirokchilar turli mavzular yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirish, ilgari surilgan g‘oyalarni tahlil qilish, mantiqiy dalillar asosida bahslashish va raqib jamoalarning fikrlariga munosib munosabat bildirish borasida o‘z bilim va mahoratlarini namoyon etdi.

Qizg‘in va murosasiz kechgan bahslar davomida jamoalarning tayyorgarligi, tezkor fikrlashi, mantiqiy mushohada yuritishi, nutq madaniyati hamda o‘z pozitsiyasini ishonchli himoya qilish qobiliyatiga alohida e’tibor qaratildi.

Turnirning hududiy bosqichi yakunida:

1-o‘rin – Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining “Sahro bulbullari”;

2-o‘rin – Qoraqalpog‘iston tibbiyot institutining “Med liderlar”;

3-o‘rin – Nukus davlat texnika universitetining “Texnika” jamoalariga nasib etdi.

Bunday intellektual musobaqalar talaba-yoshlarning bilim va dunyoqarashini kengaytirish, ularda sog‘lom fikrlash va munozara olib borish madaniyatini qaror toptirish, shuningdek, faol, tashabbuskor va yetakchilik salohiyatiga ega yoshlarni aniqlashda muhim o‘rin tutadi.

Hududiy bosqich yoshlar o‘rtasida intellektual raqobat muhitini rivojlantirish, oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash hamda bilim va tafakkurga asoslangan muloqot madaniyatini keng targ‘ib etishga xizmat qiladi.

NukusDPI matbuot xizmati.