O‘zbek tili bayrami kuniga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilinganligining 37 yilligi hamda 21-oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida “O‘zbek tili – milliy o‘zligimiz timsoli” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy hamda bayram tadbiri tashkil etildi.

Tadbirda davlat va jamoat arboblari, yozuvchi va shoirlar, taniqli tilshunos olimlar, professor-o‘qituvchilar, yosh tadqiqotchilar, talaba-yoshlar, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Bayram tadbirida institutning o‘zbek tili kafedrasi dotsenti M.Xudayarova, qozoq, turkman tili va adabiyoti kafedrasi dotsenti B.Bekniyazov, o‘zbek adabiyoti kafedrasi dotsenti N.Allambergenova o‘zbek tilining jahon tillari orasidagi o‘rni, turkiy tillar bilan aloqalari va davlat tili sifatidagi ahamiyatiga oid ma’ruzalarini o‘qib berdi.

Ta’kidlanganidek, bundan 37 yil muqaddam, ya’ni 1989-yil 21-oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilinib, o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan edi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, respublikamizda 21-oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni sifatida keng nishonlanib kelinmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning xalqimizga bayram tabrigida keltirib o‘tganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda o‘zbek tilini rivojlantirish, uning hayotimizdagi o‘rni va ta’sirini oshirish bo‘yicha yangi bosqich boshlandi.

Xususan, 21-oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni deb belgilangani unutilmas, tarixiy voqeaga aylandi. Davlat tilining nufuzi va mavqeini oshirishga qaratilgan farmon va qarorlar, me’yoriy hujjatlar qabul qilindi. Bu borada 2020-2030-yillarga mo‘ljallangan konsepsiya va alohida dastur hayotga tatbiq etilmoqda.

Bayram tadbirida ma’ruzachilar va so‘zga chiqqanlar tomonidan o‘zbek tilining jahon tillari orasidagi nufuzini oshirish, mamlakatimizda davlat tili sifatidagi maqomini, qo‘llanilishini yanada takomillashtirish, filologiya yo‘nalishida yangi yo‘nalishlarda ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish maqsadida kelgusida amalga oshiriladigan ishlar haqida ham fikrlar bildirildi.

Tadbir institutning “To‘maris” xalq ansambli, “Siy perde” va “Tarannum” ansambllari a’zolari, Filologiya fakultetining iqtidorli talabalari ijrosidagi bayram konserti bilan davom etdi.

NukusDPI matbuot xizmati.