Respublika kitobxonlar haftaligi doirasida uchrashuv kechasi o‘tkazildi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti axborot-resurs markazida VI Respublika kitobxonlar haftaligi doirasida imkoniyati cheklangan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash va ma’naviy jihatdan rag‘batlantirish maqsadida “Yuraklar suhbatlashganda” mavzusida uchrashuv kechasi tashkil etildi.
Uchrashuv kechasini markazning ilmiy-uslubiy va axborot-ma’lumot bo‘limi boshlig‘i Zlixa Qaynarova boshqarib bordi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ko‘zi ojizlar kutubxonasi direktori A.Axetova, institutning pedagogika kafedrasi o‘qituvchisi M.Tanirbergenova, axborot-resurs markazi direktori G.Jiyemuratova, xorijiy axborot-kutubxona resurslari bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i R.Amanbayeva, imkoniyati cheklangan talaba-yoshlar, professor-o‘qituvchilar va faol kitobxon yoshlar ishtirok etib, kitob mutolaasining inson hayoti va ongiga ta’siri haqida fikr almashdi.
Uchrashuvda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ko‘zi ojizlar kutubxonasi, undagi yaratilgan imkoniyatlar haqida ma’lumotlar berildi. Shuningdek, talabalar tomonidan badiiy asarlardan parchalar, she’rlar o‘qildi. Bu esa yoshlarni ruhlantirish, ularning ijtimoiy faolligini oshirish va kitobga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirishga xizmat qildi.
Kechada faol ishtirok etgan talabalar institut kasaba uyushmasi qo‘mitasi va rektorat tomonidan taqdirlandi.
NukusDPI matbuot xizmati.

