Yangi o‘quv qo‘llanmaning taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti axborot-resurs markazida matematika o‘qitish metodikasi kafedrasi dotsenti Sadiq Tangirbergenovning “Analitik geometriya va chiziqli algebra” nomli o‘quv qo‘llanmasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda o‘quv qo‘llanma muallifi va uning shogirdi, dotsent Tamara Qalekeyeva, Fizika-matematika fakulteti talabalari hamda markaz mutaxassislari ishtirok etdi.
Kechada axborot-resurs markazi direktori Gulayim Jiyemuratova so‘zga chiqib, mamlakatimizda ilm-fan sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar birinchi navbatda zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlashga yo‘naltirilganligi, bunda, albatta, tajribali professor-o‘qituvchilarning mehnatlari yuqori ekanligini ta’kidladi.
Shu bilan birga, tadbir davomida ishtirokchilarga o‘quv qo‘llanmaning mazmuni haqida ma’lumot berildi.
Ushbu asosiy o‘quv adabiyoti bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga mo‘ljallangan bo‘lib, unda analitik geometriyaning elementlari vektor va ular ustida amallar, to‘g‘ri chiziq va uning tenglamalari, ikkinchi tartibli egri chiziqlar, yuzalar, chiziqli algebraga oid determinantlar, matritsalar, chiziqli tenglamalar sistemasining umumiy nazariyasi bo‘yicha amaliy tushunchalar keltirilgan.
Kechada dotsent Tamara Qalekeyeva va markazning ilmiy-uslubiy va axborot-ma’lumot bo‘limi boshlig‘i Zlixa Qaynarovalar muallifning hayoti, ilmiy-pedagogik xizmatlari, o‘quv qo‘llanmaning ahamiyati haqida ma’lumotlar berdi.
