NukusDPI jamoasi va talaba-yoshlari Orol dengizining qurigan tubida o‘tkazilgan ekoaksiyada faol ishtirok etdi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Tabiiy fanlar fakulteti talaba-yoshlari tegishli mas’ullar va professor-o‘qituvchilar bilan birgalikda Orol dengizining qurigan tubida ekologik muvozanatni tiklashga qaratilgan ekoaksiyada faol ishtirok etdi.

Ekoaksiya davomida institut talabalari va mas’ullar tomonidan dengizning qurigan tubida cho‘l iqlimiga chidamli saksovul va boshqa o‘simlik ko‘chatlari ekildi.

– Bunday o‘simliklar hududda qum ko‘chishining oldini olish, havoga ko‘tarilayotgan tuz va chang miqdorini kamaytirish, shuningdek, ekologik barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Talaba-yoshlarimiz tabiatni asrash, atrof-muhitga mas’uliyat bilan munosabatda bo‘lish bo‘yicha o‘zlarining fuqarolik pozitsiyasini ko‘rsatib, aksiyada alohida faollik ko‘rsatdi, – deydi Tabiiy fanlar fakulteti dekani Qarjaubay Reymov.

Ta’kidlash joizki, mamlakatimizda Orolbo‘yi hududidagi ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan Orol dengizining qurigan tubida millionlab gektar maydonlarda saksovul va boshqa cho‘lga chidamli o‘simliklar ekish ishlari olib borilmoqda. Bunday ishlar natijasida hududda “yashil qoplama”ni kengaytirish, qum va tuzlar ko‘tarilishining oldini olish, shuningdek, aholi salomatligini muhofaza qilishga yo‘naltirilgan muhim natijalarga erishilmoqda.

NukusDPI matbuot xizmati.