Nukus davlat pedagogika institutining 90 yilligiga bagʻishlangan respublika anjumani va konsert dasturi boʻlib oʻtdi

Shu yilning 31-oktyabr kuni Nukus shahridagi Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi dastlabki oliy taʼlim muassasasi Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining 90 yilligiga bagʻishlangan “Qoraqalpogʻistondagi birinchi ilm-bilim dargohiga 90 yil!” mavzusidagi respublika anjumani va konsert dasturi boʻlib oʻtdi.

Anjuman institut tarixi, bugungi muvaffaqiyatlari, taʼlim muassasasi jamoasining ilmiy-pedagogik yoʻnalishda amalga oshirayotgan ishlarining koʻrgazmasi bilan boshlandi. Institut hayotidan tayyorlangan videofilm tadbir ishtirokchilari eʼtiboriga havola qilindi.

Tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va Vazirlar Kengashi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi mutasaddilari, xorijiy davlatlardan, shuningdek, respublikamizdagi ilgʻor oliy taʼlim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari olimlari, professorlar, mashhur ijodkorlar, koʻp yillar davomida davlat va jamoat ishlarida faoliyat yuritgan nuroniy ustozlar, institut professor-oʻqituvchilari va talabalari, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Anjumanda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev soʻzga chiqib, tadbir ishtirokchilarini pedagogika institutining tashkil etilganiga 90 yil toʻlishi munosabati bilan tabrikladi hamda institutda koʻp yillardan buyon samarali mehnat qilib, ilm-fan, taʼlim va yoshlar tarbiyasida oʻz vazifalarini fidokorona bajarib kelayotgan bir guruh pedagog xodimlarga faxriy unvon va koʻkrak nishonlarini topshirdi.

Anjumanda maʼruzachilar hamda soʻzga chiqqanlar Qoraqalpogʻistonda pedagogika instituti ochilishining tarixiy ahamiyati, hozirgi davrda taʼlim sohasiga kadrlar tayyorlashning asosiy yoʻnalishlari haqida maʼlumotlar berdi.

Tarixga nazar solsak, oʻtkan asrning yigirmanchi yillarida sodir boʻlgan siyosiy oʻzgarishlar – 1924-yil Qoraqalpogʻiston muxtor viloyati, soʻngra 1932-yilda Qorakalpogʻiston Muxtor Respublikasining tashkil etilishi mamlakatimizda taʼlim sohasini rivojlantirish, yangi taʼlim muassasalari sonini koʻpaytirish, xalqning ommaviy savodxonligini oshirish orqali odamlarning turmush sharoitlarini yaxshilash uchun asos boʻldi. Mana shunday ezgu maqsadlar yoʻlida 1934-yil oʻsha davrdagi respublikamiz poytaxti boʻlgan Toʻrtkoʻl shahrida Qoraqalpoq davlat oʻqituvchilar instituti tashkil etildi.

Institut mamlakatimizning haqiqiy maʼnodagi ilm-fan, taʼlim, maʼrifat markaziga aylandi. Bu yerda dastlabki yillarda bir yillik hamda ikki yillik oʻquv kurslarida tahsil olgan yoshlar xalqimizning savodxonlik darajasini oshirib, ularni yorugʻ hayotga yoʻnaltirishda bor kuch-gʻayratini, bilim va tajribasini safarbar qildi. Shu bilan birga, institut bitiruvchilari xalq xoʻjaligining turli sohalarida samarali mehnat qilib, respublikamizni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishga salmoqli hissa qoʻshdi.

Institutda oʻqib bilim olgan bitiruvchilar orasidan Oʻzbekiston xalq oʻqituvchisi Allaniyaz Oʻteniyazov, Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq yozuvchisi Toʻlepbergen Qayipbergenov, Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq shoiri Ibroyim Yusupov, Xiva shahridagi “Mehribonlik uyi” direktori boʻlib ishlagan Vera Pak, dunyoga mashhur arxeolog olim Gʻayratdin Xoʻjaniyozovlarga davlatimizning eng oliy darajadagi “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni berilganligi ushbu taʼlim markazining tabarruk ekanligini koʻrsatib turgandek boʻladi.

Shu tufayli, xalq shoiri Ibroyim Yusupov:

“Keng dunyoga koʻzin ochgan elimning,
Ilhomisan sen shoirlik tilimning,
Qoraqalpoqqa qalin kitob oʻqitgan,
Sen tabarruk dargohisan bilimning”, – deb yozgan edi institutning 60 yilligiga bagʻishlangan sheʼrida.

Shu bilan birga, Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston ilm-fanining rivojiga katta hissa qoʻshgan akademiklar Marat Nurmuhammedov, Sabir Kamalov, Amin Baxiyev, Jumanazar Bazarbayev, Husniddin Hamidov va Abatbay Dauletovlar ushbu dargohda taʼlim olganligi institut jamoasi uchun katta faxr-gʻurur bagʻishlaydi.

Ikkinchi jahon urushi yillaridagi qiyinchiliklarga qaramay institut oʻz faoliyatini davom ettirib, ijtimoiy va iqtisodiy tarmoqlar uchun oliy maʼlumotli kadrlar tayyorladi.

1944-yilda hukumat qarori asosida institutning 10 yilligi belgilandi va ushbu taʼlim maskani Qoraqalpoq davlat pedagogika instituti deb nomlanadigan boʻldi.

Urushdan keyingi yillar institut tarixida taraqqiyot davri boʻlib, respublikamizning taʼlim sohasidan boshlab barcha sohalariga mutaxassislar tayyorlab berdi. 1945-1946-yillarda institutda 235 nafar talaba tahsil olgan boʻlsa, soʻngra ularning soni ortib, tashkil etilgan vaqtidan boshlab 40 yil ichida – 1974-yilgacha institutni bitirganlarning umumiy soni deyarli 15 mingni tashkil etdi. Xalq xoʻjaligining turli sohalariga malakali mutaxassislarni tayyorlashga boʻlgan zaruriyatdan kelib chiqib, 1974-yil institut bazasida universitet tashkil etish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. Shunday qilib, 1976-yildan boshlab pedinstitut Nukus davlat universitetiga aylantirildi.

Pedagogika instituti bitiruvchilaridan Qurbanbay Abdirov, Tolibay Sherbekov, Niyazbek Qoylibayev, Sultamurat Qaniyazov, Alibek Kazbekov, Kamal Rzayev, Qayipbergen Yusupov va boshqalar qoraqalpoq xalqining iqtisodiy rivojlanishiga oʻz hissalarini qoʻshib, davlat boshqaruvida katta muvaffaqiyatlarga erishgan boʻlsa, Xojambergen Yembergenov, Berdibay Qurbanov hamda Qallibek Kamalovlar mehnat qahramoni degan unvonga ega boʻldi.

Oʻtkan asrning 80-yillaridan boshlab respublikamizdagi taʼlim muassasalari uchun oliy maʼlumotli pedagog kadrlarga boʻlgan talab oshib, buning natijasida 1990-yilga kelib mamlakatimizda pedagogika institutini qayta tashkil etish masalasi kun tartibiga koʻtarildi. 1990-yil iyul oyida sobiq Ittifoq Vazirlar Kengashining tegishli buyrugʻi asosida Nukus davlat pedagogika instituti tashkil etildi. Mustaqillik yillarida institut nafaqat Qoraqalpogʻiston, shu bilan birga, respublikamizning barcha viloyatlari, hattoki Markaziy Osiyo davlatlarining xalq taʼlimi tizimiga yuqori bilim va koʻnikmalarga ega pedagog kadrlar tayyorlaydagin ilm-fan va taʼlim markaziga aylandi.

Yoshlarning teran fikrlaydigan, zukko, zamonaviy taʼlim standartlariga toʻlaqonli javob bera oladigan yetuk mutaxassislar boʻlib yetishichi uchun yangi taʼlim yoʻnalishlari, fakultetlar tashkil etilib, ularda taʼlim-tarbiya va ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish maqsadida barcha sharoitlar yaratildi. Institutning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, oʻquv jarayoniga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etishga alohida eʼtibor qaratildi.

Hozirgi vaqtda institutda 11 fakultet, 2 boʻlim, 32 ta kafedra boʻlib, jami 26 ta bakalavr taʼlim yoʻnalishi va 19 ta magistratura mutaxassisligida 17 mingdan ziyod yoshlar taʼlim olmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 26-sentyabrdagi qarori asosida Ellikqalʼa tumani va unga yaqin hududlarda istiqomat qiladigan talabalarning bilim olishi, Qoraqalpogʻistonning janubiy tumanlari hamda Xorazm, Buxoro viloyatlari uchun pedagog kadrlar tayyorlash maqsadida institutning Ellikqalʼa pedagogika fakulteti tashkil etildi.

Albatta, bunday eʼtibor natijasida institut professor-oʻqituvchilarining ilmiy darajasi va salohiyati oshib, ilmiy-pedagogik ishlarda yuqori koʻrsatkichlarga erishgan boʻlsa, talabalar oʻrtasida ilm-fan, taʼlim, adabiyot, sanʼat, madaniyat, sport hamda boshqa sohalarda xalqaro va respublika darajasida katta muvaffaqiyatlarni qoʻlga kiritgan yoshlar soni ortdi.

Bugungi kunda pedagogika institutida 600 ga yaqin tajribali professor-oʻqituvchilar talabalarga taʼlim-tarbiya bermoqda. Ulardan 231 oʻqituvchi ilmiy darajaga ega. Soʻnggi 3 yilda 82 ta professor-oʻqituvchi ilmiy ishlarini muvaffaqiyatli himoya qilib, ilmiy darajaga ega boʻldi. Professor-oʻqituvchilar tomonidan vazirlik guvohnomasiga ega 55 ta darslik, 97 ta oʻquv qoʻllanma, 43 ta monografiya tayyorlandi va chop etildi.

Davlatimiz mustaqilligining 33 yillik bayrami arafasida taʼlim muassasasining yangi oʻquv binosining foydalanishga topshirilishi nafaqat institut jamoasi uchun, balki butun Qoraqalpogʻiston Respublikasi aholisi uchun bayramga munosib sovgʻa boʻldi.

Davlatimiz rahbarining bevosita eʼtibori hamda gʻamxoʻrligi natijasida davlat byudjeti hisobidan 76 milliard soʻm mablagʻ ajratilib, institut uchun 2 ming oʻrinlik yangi oʻquv binosining qurib bitkazilishi va foydalanishga topshirilishi, shu bilan birga, moddiy-texnik bazani takomillashtirish maqsadida oʻquv binolari taʼmirlanib, yangi laboratoriyalar, sport majmualari hamda talabalar turar joylarining qurilayotganligi respublikamizdagi birinchi taʼlim muassasasining 90 yillik toʻyiga, shu bilan birga, taʼlim muassasasiga nomi berilgan buyuk mumtoz shoirimiz Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻlining 200-yilligiga munosib tuhfa boʻldi, desak ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.

Yangi oʻquv binosida zamonaviy oʻquv va maʼruza auditoriyalari, eng soʻnggi texnika va texnologiyalar bilan jihozlangan laboratoriyalar, IT-inkubatsiya, axborot-resurs markazlari, bu yilgi oʻquv yilidan boshlab barcha oliy taʼlim muassasalarida joriy etilayotgan registrator ofisi hamda boshqa koʻpgina imkoniyatlar yaratilgan.

Yaratilgan sharoitlar hamda imkoniyatlardan samarali foydalanib kelayotgan institut yoshlarining muvaffaqiyatlari koʻzni quvontiradi.

Birgina oʻtkan oʻquv yilida institut yoshlari orasidan 1 Prezident stipendiati, 9 ta Navoiy, 1 Islom Karimov, 1 Ibroyim Yusupov, 1 Toʻlepbergen Qayipbergenov, 1 Bobur hamda 1 Palhavon Mahmud nomidagi davlat va 13 ta Ajiniyoz nomidagi stipendiya gʻoliblari, shuningdek, bugungi kungacha sport sohasida 3 ta Jahon, 8 ta Osiyo, 150 dan ziyod Oʻzbekiston chempionlari hamda 3 ta Zulfiya nomidagi, shuningdek, 8 ta “Nihol”, 2 ta “Mard oʻgʻlon” davlat mukofotlari va birnechta xalqaro tanlovlarning gʻoliblari yetishib chiqdi.

Institutda taʼlim sifatini oshirish, kadrlar tayyorlashning yangi usullarini joriy etish maqsadida xalqaro nufuzli oliy taʼlim muassasalari hamda ilmiy-tadqiqot markazlari bilan samarali aloqalar oʻrnatildi.

Bugungi kunda dunyoning “TOP-1000”lik roʻyxatiga kiruvchi 62 ta oliy taʼlim muassasasi bilan shartnoma va memorandumlar tuzilgan boʻlib, shundan 15 ta oliy taʼlim muassasasi QS (Quacquarelli Symonds World University Ranks), THE (Times Higher Education) hamda ARWU (The Academic Ranking of World Universities) xalqaro reytinglaridan joy olgan.

Mazkur shartnomalar asosida oʻtkan yil davomida institutning 50 dan ortiq professor-oʻqituvchilari xorijiy davlatlardagi oliy taʼlim muassasalari hamda ilmiy-tadqiqot markazlariga mutxassisligini oshirish, seminar oʻtish, ilmiy anjumanlarda ishtirok etish, maʼruza oʻqish maqsadida ilmiy stajirovkalarga yuborilgan boʻlsa, dunyoning “TOP-1000”lik roʻyxatiga kiruvchi oliy taʼlim muassasalaridan 14 professor-oʻqituvchi va mutaxassislar institutning ilmiy-pedagogik faoliyatiga jalb qilindi.

Hozirgi vaqtda respublikamizning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va madaniy hayotida oʻzining ajralmas oʻrniga ega pedagogika instituti dastlabki yillarda xalqning ommaviy savodxonligini oshirish orqali mamlakatimiz taraqqiyotiga hissa qoʻshib, xalqimizning farovon hayotini taʼminlashga xizmat qilgan boʻlsa, bugungi kunda ham mana shunday ezgu ishlarini davom ettirib, kelajak egalarining yuqori salohiyatli, teran bilimli, oʻtkir tafakkurga ega, intellektual yoshlar boʻlib yetishichi yoʻlidagi oʻz qadriyatlariga tayangan ilmiy-pedagogik faoliyatini amalga oshiradi.

Anjumanning asosiy qismidan soʻng institutning “Tumaris” xalq ansambli hamda qobiliyatli talabalari, shuningdek, sanʼat ustalarining ijrosidagi konsert dasturi ishtirokchilarning eʼtiboriga havola qilindi.

Anjuman belgilangan shoʻbalar boʻyicha oʻz ishini davom ettirdi.

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti matbuot xizmati.