Nukus davlat pedagogika institutida Ajiniyoz muzeyi tashkil etildi

Bugun, 15-noyabr kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida qoraqalpoq mumtoz adabiyotining yorqin namoyondasi Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻlining 200 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan Ajiniyoz muzeyining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va Vazirlar Kengashi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi mutasaddilari, Turk Akademiyasi vakili Aynur Mayemerova, Qirgʻiziston Respublikasi Milliy Fanlar Akademiyasi Ch.Aytmatov nomidagi Til va adabiyot instituti direktori, akademik Abdildajan Akmataliyev, Ozarbayjon Respublikasi Baku slavyan universiteti professori Nizami Mammedov, Turkiya Respublikasi Hoji Bayram Vali universiteti professori Husayn Yildirim, Ozarbayjan Respublikasi Milliy Fanlar Akademiyasi Fizuliy nomidagi Qoʻlyozmalar instituti bosh ilmiy xodimi Nezaket Mammadli, mazkur akademiyaning Folklor instituti dotsenti Shabnam Mammadova, shuningdek, respublikamizning ilgʻor oliy taʼlim muassasalaridan, ilmiy markazlaridan mashhur olimlar, professorlar, nuroniy ustozlar, adabiyotga ixlos qoʻygan yoshlar, keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Ishtirokchilar dastlab xalqimizga xos boʻlgan mehmondoʻstlik ila, institutning “Siy perde” dutorchilar ansambli ijrosidagi milliy kuy-qoʻshiqlar bilan kutib olindi. Shundan soʻng muzeyning ochilish marosimi boshlanib, ramziy tasma kesildi.
Tantanali tadbirda institut rektori vazifasini vaqtincha bajaruvchisi Quvondiq Qodirov soʻzga chiqib, shu yilning 16-iyul kuni qabul qilingan Prezidentimizning “Atoqli qoraqalpoq shoiri va mutafakkiri Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻli tavalludining 200 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori asosida shoirning yubileyi respublika va xalqaro miqyosda keng nishonlanayotganligini taʼkidladi.
Ayniqsa, Prezidentimiz tashabbusi bilan xalqimizning suyikli shoirining 200 yilligi YUNESKO doirasida xalqaro darajada nishonlanadigan yubileylar qatoriga kiritilganligi xalqimizga cheksiz quvonch bagʻishladi.
Ajiniyoz asarlari nafaqat qoraqalpoq va oʻzbek tillarida yangidan chop etildi, shu bilan birga, turk, ozarbayjon, ingliz va boshqa tillarga tarjima qilinib, alohida toʻplam sifatida nashrdan chiqdi. “Qoraqalpoqfilm” kinostudiyasi tomonidan “Ajiniyoz” badiiy-publitsistik filmi tasvirga olinib, premyerasini oʻtkazishga tayyorgarliklar qizgʻin davom etmoqda. Shu bilan birga, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasida shoirning hayoti va ijodiga bagʻishlangan koʻrgazma, Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti hamda Qoraqalpoq davlat universitetida Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻlining adabiy merosini oʻrganishga bagʻishlangan xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlar yuqori darajada tashkillashtirildi. Respublikamiz boʻylab har bir taʼlim muassasasida shoirning ijodiga bagʻishlangan badiiy-adabiy kechalar oʻtkazilib, yoshlar oʻrtasida Ajiniyozning sheʼrlarini yanada keng targʻib qilish maqsadida har xil tanlovlar tashkil etilmoqda. Moʻynoq tumanidagi shoirning maqbarasi obodonlashtirilmoqda.
Soʻz olganlar davlatimiz rahbarining tegishli qarorida Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida Ajiniyoz muzeyini tashkil etish boʻyicha tegishli vazifalar belgilanganligi, buning uchun institut jamoasi tomonidan samarali ishlar amalga oshirilib, bugun muzeyning tantanali ochilish marosimi bayramga ulanib ketganligini alohida taʼkidladi.
Muzeyga kelgan har qanday inson Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻlining hayoti va ijodi toʻgʻrisida maʼlumotlarga ega boʻladi. Qoraqalpoq xalqining milliy kiyimlari, musiqa asboblari, uy-roʻzgʻor buyumlari, madrasalarda oʻqitilgan kitoblarning nusxalari shoir yashagan davr nafasini yuzaga keltiradi. Muzeyda eng asosiy koʻzga tashlanadigani – bu Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻlining shajarasi. Mazkur shajara institutning qoraqalpoq adabiyoti kafedrasi katta oʻqituvchisi, filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori Marat Yesebayev tomonidan olib borilgan ilmiy-tadqiqot ishlarining samarasi boʻlib, shu kungacha ishlangan shoir avlodlarining bir butun tizimlashtirilgan koʻrinishi hisoblanadi.
Shuningdek, muzeyning bir burchagi institut hayotiga bagʻishlangan boʻlib, bu yerda shu yil 90 yillik toʻyini nishonlayotgan Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi dastlabki oliy taʼlim muassasasi – Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti tarixi, buguni toʻgʻrisida soʻz yurituvchi eksponatlar, xronologik fotogalereyalar, institutni boshqargan rektorlarning portretlari bilan tanishish mumkin.
Tadbirda ishtirokchilar muzeydagi eksponatlar bilan tanishib, uni tashkillashtirishda mehnat qilgan fidoiy insonlarga minnatdorlik bildirdi. Mehmonlar muzeyning esdaliklar kitobiga oʻzlarining samimiy tilaklarini yozib qoldirdi.
Muzeyning ochilish marosimi “Oʻzbekiston – umumiy uyimiz” mavzusidagi millatlararo totuvlik hamda bagʻrikenglik bayramiga ulandi.
Ishtirokchilar bayram doirasida tashkil etilgan institut professor-oʻqituvchilari hamda talaba-yoshlarining ilmiy va qoʻl mehnatlari, tasviriy sanʼat, madaniyat, sport va boshqa sohalarda qoʻlga kiritgan yutuqlari jamlangan koʻrgazma bilan tanishdi.
Tadbirda Turk Akademiyasi vakili Aynur Mayemerova Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻlining turk hamda ozarbayjon tillarida nashr etilgan kitoblarini institut kutubxonasiga sovgʻa qildi.
Bayram tadbiri institutning qobiliyatli talabalari hamda “Toʻmaris” xalq ansambli aʼzolari ijrosidagi konsert dasturi bilan davom etdi.
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti matbuot xizmati.
