Yangilanish va yasharish ayyomi muborak bo‘lsin!

Assalomu alaykum, hurmatli professor-o‘qituvchilar, qadrli talaba-yoshlar, aziz vatandoshlar!
Sizlarni va sizlar orqali butun xalqimizni ulusning ulug‘ kuni, sharq xalqlarining yangilanish va yasharish ayyomi, ming yillardan buyon ma’naviy hayotimizning ajralmas qismiga aylangan – Navro‘z bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman!
Hammamiz guvohi bo‘lib turganimizdek, bir necha kundan buyon mamlakatimiz bo‘ylab Navro‘z umumxalq bayrami “Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!” shiori ostida o‘zgacha ko‘tarinkilik, katta uyushqoqlik bilan nishonlanmoqda. Bayram arafasida ona tabiatimiz uyg‘onib, xalqimiz qalbiga cheksiz quvonch, zavq va yangi umidlar bag‘ishlamoqda.
Navro‘z – yangi kun, yangi mavsumning boshlanishi hisoblanib, donishmand xalqimiz har doim yil boshini ezgu niyatlar, ulkan maqsad va umidlar bilan kutib olgan.
Bugungi kunda institutimizda 17 mingdan ziyod yoshlar ta’lim-tarbiya olmoqda. Bu yilgi “Atrof-muhitni muhofaza qilish va “yashil iqtisodiyot” yili”da biz ilmiy-pedagogik faoliyatimiz samaradorligini oshirish orqali Uchinchi Renessans poydevorini qo‘yadigan bilimli, ilmiy salohiyati yuqori, tahliliy va kreativ fikrlaydigan yoshlarni tarbiyalashdek o‘z oldimizga qo‘ygan yuksak maqsadlarni albatta sizlar bilan birgalikda amalga oshiramiz.
Yoshlarni ona Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, ta’lim sifatini oshirish maqsadida o‘qitishning yangi pedagogik texnologiyalarini joriy etish, talabalarning bilimlarini mustahkamlash uchun o‘quv va amaliyot jarayonining uzviyligini ta’minlash, yangi zamonaviy laboratoriya uskunalarini olib kelish, ilmiy-tadqiqot ishlari natijalarini amaliyotga keng joriy etish, professor-o‘qituvchilarning malakasini oshirish, o‘quv jarayoniga nufuzli xorijiy oliygoh va ilmiy markazlarning professorlarini jalb etish kabi ibratli ishlarimizni bundan buyon ham davom ettiramiz.
Bu muqaddas bayram har birimizni necha yuz yillardan buyon avloddan-avlodga meros bo‘lib kelayotgan milliy an’ana va qadriyatlarimizni e’zozlash, buyuk tariximizni anglash, dunyo tan olgan donishmand ajdodlarimizning munosib davomchilari bo‘lishdek yuksak tuyg‘ularga chulg‘aydi.
Shunday qutlug‘ sanada yana bir bor siz, aziz vatandoshlarimizni ezgulik jarchisi, sharq xalqlarining yangi yil boshi, ulusning ulug‘ kuni – Navro‘z bayrami bilan tabriklar ekanman, yurtimizga tinchlik-osoyishtalik, xalqimizga farovonlik, xonadonlaringizga omonlik, fayzu baraka, ishlaringizda katta muvaffaqiyatlar tilayman!
Har kunimiz Navro‘z bo‘lsin!
Cheksiz hurmat ila,
Quvondiq Qodirov,
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti rektori.