Nukus davlat pedagogika instituti rektori talaba-yoshlar bilan muloqot oʻtkazdi

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida «Rektor va yoshlar uchrashuvi» haftaligi doirasida institut rektori Bayrambay Otemuratov talaba-yoshlar bilan uchrashib, ochiq muloqot oʻtkazdi.

Uchrashuvda institut rektori mamlakatimizda pedagog kadrlar tayyorlash yoʻnalishida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda ularning natijalari toʻgʻrisida ma’lumotlar berdi.

Ta’kidlanganidek, hozirgidek globallashuv sharoitida Uchinchi Renessansning asosini yaratadigan avlodlar ta’lim-tarbiyasi davlatimiz hamda jamiyatimiz oldida turgan asosiy masalalardan biri boʻlib qolmoqda.

Bunda, ayniqsa, maktabgacha hamda xalq ta’limi sohalariga pedagog kadrlar tayyorlab berishda katta oʻringa ega boʻlgan Nukus davlat pedagogika institutida ta’lim sifatini oshirish, zamonaviy texnologiyalar, oʻqitish uslublarini amaliyotga tadbiq qilish orqali yuqori salohiyatli kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqla.

Institut rektori ushbu yoʻnalishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining «Pedagogik ta’lim sifatini oshirish va pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarorining mohiyatiga alohida toʻxtaldi.

Uchrashuvda rektor Bayrambay Otemuratov institutda ta’lim sifatini oshirish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida ham yoshlarga ma’lumotlar berdi.

Talaba-yoshlar rektor bilan oʻtkazilgan uchrashuvda oʻqish bilan birgalikda moddiy-texnik bazani takomillashtirish, badiiy kitoblar hamda oʻquv adabiyotlarini koʻpaytirish, sport va salomatlik tadbirlarini oʻtkazish hamda boshqa masalalar yuzasidan savollariga javoblar oldi va takliflarini bildirdi.

Nukus DPI matbuot xizmati.